Samarqandda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovida yoshlarning faol ishtirokini ta’minlash, ularning saylovga oid bilim va tushunchalarini oshirish maqsadida “Saylov va yoshlar” targ‘ibot loyihasi amalga oshirildi.
Ta’lim muassasalari, korxona va tashkilotlarda yoshlar sayli tarzida tashkil etilgan loyiha doirasida uchrashuvlar, intelektual o‘yin va viktorinalar, sport musobaqalari o‘tkazildi.
Jumladan, Samarqand avtomobil zavodidagi “Yosh saylovchining huquqlari” mavzusidagi uchrashuvda huquqshunoslar yosh xodimlarga ularning saylash va saylanishga doir huquqlari, bu yilgi saylovning o‘ziga xos xususiyatlari haqida ma’lumot berdi.
Qurolli Kuchlar kichik mutaxassislar tayyorlash markazida ham “Yoshlar va saylov” mavzusidagi targ‘ibot tadbirida harbiy xizmatchilar 27 oktyabr kuni bo‘ladigan saylovda faol ishtirok etishga chaqirildi.
“Yosh saylovchi” viktorinasi, “Bilasizmi?” teleo‘yini, “Zakovat” intellektual o‘yinida ham oliy o‘quv yurtlari talabalari, mahallalar yoshlari qamrab olinib, ularning saylovga oid bilimlari mustahkamlandi.
Viloyat axborot-kutubxona markazida “Biz Samarqand yoshlari saylovga tayyormiz!” shiori ostida o‘tkazilgan navbatdagi tadbirda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi, viloyat yoshlar ishlari boshqarmasi vakillari hamda faol kitobxon yoshlar ishtirok etdi.
– Samarqand davlat chet tillar instituti birinchi bosqich talabasiman, – deydi Madina Mitanova. – Bu yil ilk bor saylovda ishtirok etaman. Tan olib aytishim kerak, saylov haqida bilsamda, chuqur ma’lumotga ega emasdim. “Saylov va yoshlar” saylida qatnashib, ko‘p narsalarni o‘rgandim. Saylovda har bir saylovchining ovozi muhim ahamiyatga ega ekanligini angladim.
Yoshlar sayli tadbirlari yakunida faol ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan rag‘batlantirildi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri