Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlar sayilgohlari va ijod ko‘chalari barpo etiladi
17:59 / 2023-12-26

– Kelgusi 2024 yilda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish sohasida bir qator xayrli ishlarni ko‘zlaganmiz, – deydi Namangan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov. – Jumladan, barcha shahar va tumanlarimizda “Yoshlar sayilgohlari” va “Yoshlar ijod ko‘chalari” hamda Namangan shahrida “Kreativ park” faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Xatlov asosida 4 ming 200 dan ziyod yosh “og‘ir” toifaga kiritilib, ijtimoiy-iqtisodiy masalalarini hal qilishga ko‘maklashiladi. Besh mingdan ziyod ishsiz yoshlarni kasb-hunar, zamonaviy kasblar va tadbirkorlikka o‘qitish, subsidiya, yer maydoni va kreditlar ajratish orqali ularning bandligi ta’minlanadi. Iqtidorli yoshlarni izlab topish, iste’dodini ro‘yobga chiqarish maqsadida 402 mingga yaqin o‘g‘il-qiz “Ibrat farzandlari” loyihasiga jalb etiladi. Qolaversa, “Yoshlar ombor daftari” tizimini hayotga tatbiq etish orqali 1 million 400 ming yosh turli yo‘nalishlarda qamrab olinadi. 

Viloyat “Ma’rifat markazi”da bo‘lib o‘tgan tadbirda joriy yil yakuni bilan turli sohalarda salmoqli muvaffaqiyatlarga erishib, viloyat nufuzini oshirishga katta hissa qo‘shgan yigit-qizlar munosib rag‘batlantirildi. Sektorlar rahbarlari, daxldor tashkilotlar mutasaddilari hamda faol yoshlar ishtirokidagi uchrashuvda viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov ta’lim, fan, xorijiy tillarini o‘zlashtirish, san’at va sport sohalarida muvaffaqiyat qozongan iste’dod egalarining har bir yutug‘iga birma-bir to‘xtaldi. 

Qayd etilganidek, ortda qolayotgan 2023 yil yoshlar, bilimdonlar va sportchilar uchun yangi g‘oya, imkoniyat va imtiyozlar yili bo‘ldi. Mahallalarda davlat siyosatini amalga oshirishda yoshlar yetakchilari ham “beshlik” faoliyatida samarali ish olib bordi. Joriy yilning aprel oyida Prezident tomonidan yoshlar masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda berilgan topshiriqqa muvofiq har bir mahallada “yoshlar balansi” shakllantirildi va bu orqali 665 ming 381 nafar yosh uchta toifaga ajratilib, ular bilan individual ishlash tizimi joriy etildi. 

Har bir mahallada “fuqarobay” tasdiqlangan “Yoshlar bandligi dasturi” amalga oshirilib, joriy yilda dasturga kiritilgan 35 ming 682 nafar yoshning bandligi ta’minlandi. Xususan, ularning 16 ming 735 nafari maktab bitiruvchilari hissasiga to‘g‘ri keladi. Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 3 ming 684 nafar yoshga 89 milliard 965 million so‘m kredit ajratildi. “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 29 ming 463 yoshdan 24 ming 343 nafariga amaliy yordam ko‘rsatildi. 

Yoshlar va sportchilar orasida yildan-yilga chet tillariga qiziqish ortib bormoqda. Jumladan, “Ibrat farzandlari” loyihasi doirasida 26 mingga yaqin yosh xorijiy tillarni bepul o‘rganmoqda. Bundan tashqari, “IELTS”, “TOEFL”, “GMAT”, “GRYe”, “SAT” kabi xalqaro imtihon tizimlarida yuqori natijaga erishgan 513 yoshga imtihon xarajatlari uchun 827,9 million so‘m qoplab berildi. “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida 701 nafar yoshga 5,3 milliard so‘mlik kredit mablag‘lari ajratilib, ularga hisoblangan foiz to‘lovlari to‘lab berildi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan xar yili turli sohalarda yutuqlarga erishgan yoshlar alohida e’tirof etilib, davlat mukofotlari bilan taqdirlanmoqda.

Nigora Abdulazizova, Muhlisaxon Mamajonova Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti, Chortoq tumanidagi 22-sonli umumta’lim maktabining ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Zamira Abdullayeva va Namangan shahridagi “Start-21” o‘quv markazi rahbari Jahongir Rafiqov “Kelajak bunyodkori”, Mingbuloq tumanidagi Mustaqillik mahallasi yoshlar yetakchisi Jamshid Rahimov “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. 

Ta’limga berilgan yuksak e’tibor natijasida joriy yilda umumta’lim maktablari, ixtisoslashgan maktablar, Namangan shahar Prezident maktabi, Ibrat maktabidan 1 ming 333 nafar bitiruvchi muddatidan oldin xorijiy va Respublikadagi oliy ta’lim muassasalariga qabul qilinib, 200 million dollardan ortiq grant mablag‘lariga ega bo‘ldi.

[gallery-15219]

Prezident sovrini uchun “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovining respublika bosqichida g‘olib chiqqan Namangan shahridagi 7-sonli umumta’lim maktabi jamoasi 500 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritib, noyabr oyida Buyuk Britaniyaga bir haftalik sayohatga borib keldi. Yangiqo‘rg‘on tumanidagi 10-sonli umumta’lim maktabi o‘quvchisi Lolaxon Ibrohimova iqtisod fanidan, Namangan shahar Prezident maktabidan Husanboy Mansuraliyev informatika fanidan, Mingbuloq tumani ixtisoslashtirilgan maktabidan Asadbek Abdullayev matematika fanidan, Chust tumanidagi 71-sonli umumta’lim maktabi o‘quvchisi Jasurbek G‘ulomjonov fizika fanidan xalqaro fan olimpiadalarida faol qatnashib, faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. 

Namangan davlat universitetining bilimdon yoshlari jamoasi yaqinda 135 ta oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida Intellektual olimpiadaning respublika final bosqichida faxrli uchinchi o‘rinni egallab, 1 milliard so‘m pul mukofotiga ega bo‘ldi. 

Namanganlik sportchilar bu yil O‘zbekiston, jahon va Osiyo chempionati hamda kuboklarida, nufuzli xalqaro musobaqalarda 944 ta oltin, 1 ming 107 ta kumush, 1 ming 644 ta bronza, jami 3 ming 695 ta medallarni qo‘lga kiritdi. Quvonarlisi, Xitoyning Xanchjou shahrida bo‘lib o‘tgan XIX Osiyo o‘yinlarida to‘qqiz nafar sportchi shijoatini namoyon qilib, 2 ta kumush va 3 ta bronza hamda IV Paraosiyo o‘yinlarida yetti sportchi 2 ta oltin, 4 ta kumush va 1 ta bronza medaliga sazovor bo‘lib, matonat namunasini ko‘rsatdi. 

Parayengilatletika bo‘yicha Nurxon Qurbonova, Nozimaxon Qayumova, Tolibjon Yo‘ldoshev 2024 yilda Fransiya poytaxti Parij shahri mezbonlik qiladigan navbatdagi yozgi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. 

Tadbir yakunida yuksak marralarga erishgan ana shunday zakovatli yoshlarga Prezident sovg‘asi hamda pul mukofotlari tantanali taqdim qilindi. 

Tadbirda san’at ustalari ishtirokidagi konsert dasturi tadbir ishtirokchilariga bayram kayfiyatini ulashdi. 

Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA muxbirlari