Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlar salohiyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tashabbus
21:43 / 2025-12-15

Ilm-fan va ta’lim-tarbiyani rivojlantirishga yo‘naltirilgan «Ziyo Forum» fondi tomonidan talaba yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyihaning hal qiluvchi bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Tashabbusning asosiy maqsadi — oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan iqtidorli va faol yoshlar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish, ularning ta’lim olishini yengillashtirish hamda bilimga bo‘lgan qiziqishini rag‘batlantirishdan iborat.

Tadbirda davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalari talabalari ishtirok etdi. Yurtimizning turli hududlaridan saralab olingan 40 nafar talabaning Kahoot platformasi orqali onlayn intellektual o‘yin shaklida bilim darajasi, tezkor fikrlashi va faolligi sinovdan o‘tkazildi.

Natijalarga ko‘ra, eng yaxshi natija ko‘rsatgan 5 nafar talaba saralab olindi. Ularga ta’lim to‘lovlarini qoplashga qaratilgan moliyaviy qo‘llab-quvvatlash berildi, umumiy ajratilgan mablag‘ esa 30 million so‘mdan ortiqni tashkil etdi. Mablag‘lar faqat ta’lim to‘lovlari uchun yo‘naltirilib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri oliy ta’lim muassasalarining hisob raqamlariga o‘tkaziladi.  

Ushbu tashabbus «Ziyo Forum» fondi tomonidan amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlarning bir qismi bo‘lib, fond so‘nggi yillarda turli ta’lim festivallari, intellektual va sport tadbirlari orqali minglab yoshlarni qamrab olmoqda. Bu esa yoshlarning o‘z ustida ishlashi, salohiyatini namoyon etishi va kelajak sari ishonch bilan qadam tashlashiga xizmat qilmoqda.

Nozimbek Mardonov, O‘zA