Muborak Qurbon hayiti arafasida Termiz shahri va tumanlarda turar-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj, davlat g‘amxo‘rligiga olingan 56 nafar yoshga yangi uylarning kaliti topshirildi.
Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Boysun tumanidan “Zoom” platformasi orqali ishtirok etib, mamlakatimizda keyingi yillarda yosh avlodga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar yigit-qizlarning hech kimdan kam bo‘lmay ulg‘ayishiga xizmat qilayotganini ta’kidladi. Ota-ona qaramog‘idan ajralgan o‘g‘il-qizlarga ta’lim-tarbiya berish, uy-joy va ish bilan ta’minlashga qaratilayotgan e’tibor haqida atroflicha fikr yuritdi.
Marosimda Boysun tumanidagi to‘rt nafar yoshga uy-joylar sertifikati topshirildi. Ularning yaqinlari uy-joylarning berilishi Qurbon hayiti oldidan katta sovg‘a bo‘lganini, davlat tomonidan ota-onasiz qolgan farzandlarga ko‘rsatilgan bu kabi g‘amxo‘rlikdan minnatdor ekanliklarini qayd etdi.
Shu kuni Sho‘rchi tumanida ham ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan yetti nafar o‘g‘il-qiz uy-joyli bo‘ldi. Ulardan biri Kristina Vesyolkina 1-kasb hunar maktabining tikuvchilik yo‘nalishida tahsil oladi. U kelajakda shifokor bo‘lishni orzu qiladi. Yangi uy Kristinaning bu orzularini ro‘yobga chiqishidagi intilishini yanada kuchaytirdi.
–Ko‘rsatilgan g‘amxo‘rlikdan boshimiz osmonga yetgudek bo‘ldi, – deydi Kristina Vesyolkina. – Akam bilan yangi uyga ko‘chib o‘tdik. Bu hayotimdagi eng quvonchli va bir umr yodimdan chiqmaydigan voqeaga aylandi. Quvonchimning cheki yo‘q. Vatanimga, Prezidentimga bo‘lgan ishonchim, muhabbatim yanada oshdi.
Kelgusida yurtimizga sharaf bilan xizmat qilishga, tengdoshlarimga o‘rnak bo‘lishga yanada ko‘proq harakat qilaman. Yoshlar uchun tuhfa qilingan uylarda ularning baxtli hayot kechirishi uchun barcha sharoit yaratilgan.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri