O‘zbekiston Ekologik partiyasi Navoiy viloyat Kengashi hamda Yoshlar ishlari agentligi Navoiy viloyat boshqarmasi hamkorligida “Toza muhit – sog‘lom kelajak” shiori ostida plogging aksiyasi o‘tkazildi.
Davlatimiz rahbari raisligida joriy yilning 14 oktyabr kuni mahalla tizimini yanada takomillashtirish va joylarda ishlarni samarali tashkil etish masalalari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida hududlarni obodonlashtirish, mahallalarning ozodaligini saqlash masalalariga alohida to‘xtalib o‘tilib, bu boradagi vazifalar belgilab berilgan edi. Unga ko‘ra, 15 oktyabrdan 15 noyabrga qadar mamlakatimizda “Tozalik va ozodalik oyligi” deb e’lon qilingan.


Mazkur ozodalik oyligi davomida barcha mahallalar, maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari, ko‘chalar, aholi turar joylari hududlarida tozalik ishlari amalga oshirilib, volontyorlar, yosh ekofaollar ishtirokida turli tozalik aksiyalari, plogginglar tashkil etilmoqda.


Karmana tumanining Bog‘ishamol mahallasi hududida tashkil etilgan tadbirda 150 nafardan ortiq faol yoshlar, ekovolontyorlar ishtirok etdi.
Aksiya davomida ishtirokchilar 5 ta guruhga bo‘linib, 2 tonnadan ortiq turli xil plastik idishlar, paketlar, shisha bo‘laklari va boshqa maishiy chiqindilarni yig‘ib, maxsus qoplarga joylashtirdi. So‘ngra chiqindilar belgilangan tartibda maxsus transport vositalariga yuklanib, chiqindi poligoniga olib borildi va zararsizlantirish ishlari amalga oshirildi.

Tadbir yakunida faol ishtirok etgan yosh ekovolontyorlarga tashkilotchilar tomonidan tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri