English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlar parlamentiga saylov faol, yetakchi yoshlarni yuzaga chiqaradi
17:27 / 2023-01-30

Ayni kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamentiga saylovni samarali tashkil etish bo‘yicha tayyorgarlik jarayonlari ketmoqda.

Ta’kidlash joizki, milliy parlamentimiz huzuridagi Yoshlar parlamenti 2020 yildan boshlab o‘z faoliyatini olib bormoqda. Uning asosiy maqsadi yoshlarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, huquq va manfaatlarini qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish va rag‘batlantirish, yosh avlodning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishdagi faol ishtirokini ta’minlash, qonun ijodkorligi faoliyatiga keng jalb etish hamda ularning parlament hayotiga daxldorligini oshirishdan iborat.

Yoshlar parlamenti yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga oid qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi, yoshlarning parlament faoliyati va qonun ijodkorligi jarayonlaridan xabardorligini oshirishga xizmat qiladi.  

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamentining raisi Shahnoza Joldasova bilan Yoshlar parlamentiga bo‘lib o‘tadigan saylov jarayonlari xususida suhbatlashdik.

— Yoshlar parlamentiga saylov qay tartibda tashkil etiladi?  

—Yoshlar parlamentiga saylov yoshlarni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga hurmat ruhida tarbiyalash, yigit-qizlarda bahs-munozara madaniyatini shakllantirish, elektorat manfaatlarini himoya qilish hamda har bir partiyaning yoshlarga oid taklif va tashabbuslarini ilgari surish, vakillik organlariga nomzodlar zaxirasini shakllantirish, munosib yoshlarni Yoshlar parlamentiga saylash maqsadida o‘tkaziladi.  

Saylov ikki yarim yilda bir marotaba 3 bosqichda bo‘lib o‘tadi. Jumladan, 1-bosqich — tegishli okrugdagi tumanlarda saralash orqali tashkil qilinadi.  2-bosqich — partiyalarning hududiy kengashlari miqyosida o‘tkaziladi. 3-bosqichda esa yakuniy (respublika) bosqichi o‘tkaziladi.  

— Saylovda ishtirok etish istagida bo‘lgan yoshlarga qanday talablar qo‘yiladi va kimlar saylovda nomzod sifatida ro‘yxatga olinmaydi?  

— Saylovda ishtirok etadigan nomzodlar 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan oliy (tugallanmagan oliy) ma’lumotga ega, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, siyosiy partiyaga a’zo yoki xayrixoh faol yoshlar bo‘lishi lozim. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari yordamchilari va partiya tizimida faoliyat yurituvchi xodimlar hamda Yoshlar parlamentiga avvalgi saylovda saylanganlar nomzod sifatida hujjat topshirishi mumkin. Nomzodlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga siyosiy partiyalardan saylangan deputatlarning okrugidan bo‘lishi shart. Shu bilan birga, mazkur saylovda ham gender tenglikka e’tibor qaratilgan holda nomzodlar umumiy sonining kamida 30 foizini xotin-qizlar tashkil etishi kerak.  

Bundan tashqari, saylovning birinchi va ikkinchi bosqichida nomzodlarning davlat tilidagi savodxonlik darajasi, siyosiy partiya faoliyatidagi ishtiroki, qonunchilik sohasidagi bilim va ko‘nikmasi, qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha asoslantirilgan takliflari, davlat boshqaruviga oid bilimi, siyosiy va huquqiy savodxonligi, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga munosabati hamda yetakchilik qobiliyati kabilarga e’tibor qaratiladi.  

Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatlari, muomalaga layoqatsiz va muomala layoqati cheklangan yoshlar esa nomzod sifatida ro‘yxatga olinmaydi.  

— Yoshlar parlamentiga saylovlar qachon bo‘lib o‘tadi?  

— Saylovning 1-bosqichi, ya’ni tumanlar doirasida saralash jarayoni joriy yil 23 yanvar – 6 fevral kunlari, 2-bosqichi — partiyalarning hududiy kengashlari miqyosida 6-15 fevral oralig‘ida, 3-bosqich, ya’ni yakuniy bosqichi esa 5-22 fevral oralig‘ida o‘tkaziladi.  

Mazkur saylovda ishtirok etish istagida bo‘lgan, parlament hayotiga qiziqadigan 18-30 yosh oralig‘idagi yoshlar o‘zi a’zo bo‘lgan siyosiy partiyaning tuman bo‘limlariga murojaat qilishlari mumkin.  

Muhtarama Komilova suhbatlashdi.  

O‘zA