Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlar parlamenti: yoshlar muammolari hal qilinishida muhim rol o‘ynaydigan tuzilmaga aylanadi
10:52 / 2023-05-19

Prezident raisligida yoshlar siyosati sohasidagi ishlar natijadorligini oshirish hamda yoshlar bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektorda Oliy Majlis palatalari huzuridagi Yoshlar parlamentlariga bir qator muhim vazifalar qo‘yildi.

Yoshlarga oid davlat siyosati yuritilishida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, bu borada Yoshlar parlamenti bilan vazirlik va idoralarning bevosita hamkorligini yo‘lga qo‘yish zarurligi qayd etildi. Yoshlarning muammolarini aniqlashda Yoshlar parlamenti imkoniyatlaridan foydalanish, ushbu muammolarni xalq deputatlari mahalliy Kengashlari muhokamasiga olib chiqish va ijobiy hal qilish kabi masalalarga e’tibor qaratildi.  

Parlament yuqori palatasida Senat Raisi hamda senatorlarning Yoshlar parlamenti a’zolari bilan muloqotida shu haqda so‘z bordi.  

Konstruktiv va amaliy ruhda kechgan tadbirda Yoshlar parlamenti faoliyati tahlili, uni yanada rivojlantirish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish, ustuvor yo‘nalishlardan kelib chiqib, rejalarni belgilab olish kabi masalalarga e’tibor qaratildi.  

Senat Raisi Tanzila Norboyeva Yoshlar parlamenti o‘z faoliyatida e’tibor qaratishi lozim bo‘lgan ayrim masalalarga to‘xtalib o‘tdi.  

– Senat yalpi majlislarida Yoshlar parlamenti a’zolarining ishtirok etish tizimi yo‘lga qo‘yilgan, – dedi T.Norboyeva. – Bu jarayonda ularning faol ishtirok etayotgani katta maktab vazifasini o‘taydi. Chunki senatorlar dolzarb masalalarni ko‘tarmoqda. Bunda yoshlar nimalarga e’tibor qaratish zarurligini bilib boradi. Ayniqsa, yoshlar uchun muhim bo‘lgan masalalarni belgilab olib, bu borada faollik ko‘rsatib, xalq deputatlari tuman, shahar, viloyat kengashlariga yoki Senatning tegishli qo‘mitalariga takliflar kiritishi maqsadga muvofiq. Biz esa qo‘yilayotgan masalalarni  Senat kengashi yoki yalpi majlisi muhokamasiga olib chiqishga tayyormiz.  

Yoshlar parlamentining xalqaro hamkorlik yo‘nalishdagi faoliyatini jonlantirish fursati yetdi. Nafaqat MDH davlatlari Parlamentlararo assambleyasi, balki kengroq miqyosda – jahon xalqaro parlament tuzilmalari maydonlariga ham chiqish zarur. Xususan, Yevropa Ittifoqi, Osiyo mamlakatlari, AQSH parlamenti bilan munosabatlarni yo‘lga qo‘yish, tajriba almashish maqsadga muvofiq.  

Uchrashuvda yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning mazmun-mohiyatini aholiga, ayniqsa, yoshlarga yetkazish, qolaversa, “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida"gi qonunni yoshlarning takliflari asosida qayta ko‘rib chiqish jarayoniga Yoshlar parlamenti a’zolarini keng jalb qilish yuzasidan tavsiyalar berildi.  

Yoshlar parlamenti a’zolari ijtimoiy hamkorlik tamoyili asosida ishlashi uchun vazirlik va idoralarga biriktirilgani ma’lum qilindi.  

Yangi tizimga asosan endilikda har bir a’zo o‘zi biriktirilgan vazirlik va idoralarga har oyda kamida bir marotaba tashrif buyurib, u yerda yoshlar bilan ishlash holatini hamda yosh xodimlarga yaratilgan shart-sharoitlarni o‘rganadi. Shuningdek, yoshlarga oid qonunchilik ijrosi ustidan jamoatchilik monitoringini olib boradi.  

Shu bilan birga, vazirlik va idoralar yoshlar bilan ishlash bo‘yicha faoliyatining o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, qisqa, o‘rta va uzoq muddatga mo‘ljallangan strategiyalarni belgilab oladi hamda ularni amalga oshirish bo‘yicha manzilli chora-tadbirlarni ishlab chiqadi.  

Muloqot davomida Yoshlar parlamenti a’zolari yoshlar manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan bir qator takliflarni ilgari surdi. Xususan, Yoshlar parlamenti hududiy a’zolarining har oyda bir marotaba viloyat hokimlari bilan uchrashuvini tashkil etish orqali yoshlar muammolarini muhokama qilish, Senat yalpi majlislarida yoshlarga oid dolzarb masalalarda fikr bildirish, ularning ham muzokaraga chiqish imkoniyatini yaratish, xalqaro uchrashuvlar va hamkorlik aloqalarini tizimli yo‘lga qo‘yish bo‘yicha fikrlar bildirildi.  

Takliflardan kelib chiqib, ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha Yoshlar parlamenti ish rejalarini qayta ko‘rib chiqish, kerak bo‘lsa, alohida dastur tayyorlash yuzasidan tavsiyalar berildi.  

 

N.Abduraimova,  

O‘zA