30 iyul – Xalqlar do‘stligi kuni. Mazkur birdamlik sanasi O‘zbekistonda keng nishonlab kelinmoqda.
Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan Toshkent shahrida joylashgan Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazida “O‘zbekiston — Ozarbayjon: o‘zaro ishonch va qardoshlik munosabatlariga asoslangan hamkorlik” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Yoshlar parlamenti a’zolari, diplomatik vakillar, madaniyat va ta’lim muassasalari xodimlari ishtirok etdi.
Uchrashuvda Markaz direktori o‘rinbosari Nodir Alimirzayev ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarning uzoq tarixga ega ekanini, bugungi kunda ushbu aloqalar ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi natijasida yuqori ishonch va qardoshlik ruhida rivojlanayotganini alohida ta’kidladi.

Qayd etilganidek, O‘zbekiston va Ozarbayjon nafaqat siyosiy va iqtisodiy sohalarda, balki ta’lim, madaniyat, fan va yoshlar siyosati yo‘nalishlarida ham samarali hamkorlik olib bormoqda. Ayniqsa, ikki davlat yoshlari o‘rtasidagi muloqot va tajriba almashinuvi, qo‘shma loyihalar va forumlar, ta’lim dasturlari aloqalarni yanada mustahkamlamoqda.

Davra suhbatida Yoshlar parlamenti a’zolari ham o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, ikki tomonlama munosabatlarda yosh avlodning faol ishtirokini ta’minlash, qo‘shma tadqiqotlar va loyihalarni amalga oshirish zarurligini qayd etdilar. Yoshlar siyosati, ta’lim, madaniyat va san’at kabi yo‘nalishlardagi o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash lozimligiga urg‘u berdilar.
Davra suhbati doirasida ikki xalqning madaniy merosi va tarixi, zamonaviy siyosiy munosabatlariga bag‘ishlangan ko‘rgazma ham tashkil etildi. Tadbir yakunida ikki mamlakat yoshlari o‘rtasida madaniy almashinuv dasturlarini rivojlantirish, qo‘shma forumlar tashkil etish takliflari ilgari surildi. Yoshlar ishtirokidagi bu kabi tadbirlar ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik, birdamlik va hamkorlik rishtalari kelgusida ham bardavom bo‘lishiga, yurtimizda millatlararo totuvlik mustahkamligiga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA