Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti raisi Otabek Sobitov Buxoro davlat universiteti talaba-yoshlari bilan uchrashdi va Yoshlar parlamentining faoliyati, jumladan, ushbu Parlament a’zolari saylovini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi Nizom va saylovning saralash bosqichlari borasidagi ma’lumotlarni taqdim etdi.
Shuningdek, mamlakatimizda “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, yigit-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy manfaatlarini himoya qilish, ularning tadbirkorlik va boshqa sohalardagi imkoniyat va salohiyatlarini ro‘yobga chiqarish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bayon etdi. O‘zLiDePning Saylovoldi dasturida ham ushbu masalalarga alohida urg‘u berilganligini ta’kidladi.

– Yoshlarning ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda faol ishtirok etishi nafaqat kelajagimiz barqarorligini ta’minlashda, balki yangi innovatsion g‘oyalar va ilg‘or qarashlarni rivojlantirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Qolaversa, partiyamizning keyingi besh yillikka mo‘ljallangan Saylovoldi dasturida yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilganligi ham bejiz emas. Xususan, ularni hayotda o‘z o‘rinlarini topishlari uchun kasb-hunarga o‘qitish tizimini yanada takomillashtirish ushbu dasturdagi muhim yo‘nalishlardan biridir, – deydi O.Sobitov.

O.Sobitov Buxoro davlat universitetida yaratilgan shart-sharoitlar jumladan, Ofis Registrator, robototexnika hamda Axborot-resurs markazi, Yoshlar Ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti faoliyatini ko‘zdan kechirdi.
Buxoro davlat texnika universitetida o‘tkazilgan uchrashuv chog‘ida ham ko‘plab masalalar tinglovchilar e’tiboriga havola etildi. Parlamentning bugungi va kelgusidagi dolzarb vazifa va maqsadlari yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Yoshlarning siyosiy va ijtimoiy jarayonlardagi ishtiroki, yoshlar parlamenti tashabbusi bilan mamlakatimiz qonunchiligiga kiritilgan bir qator o‘zgartirishlar, umuman ushbu parlamentning qonun ijodkorligidagi o‘rni bo‘yicha tegishli fikr mulohazalar ham bayon etildi.

Ikkala oliy ta’lim muassasasida ham talaba-yoshlarning o‘z tanlagan sohalari bo‘yicha yetuk kadrlar bo‘lib voyaga yetishishlari, jamiyatimizda ularning o‘z munosib o‘rinlarini topishlari uchun barcha sharoitlar yaratilganligi e’tirof etildi.
O.Sobitovning Buxorodagi harbiy xizmatchilar bilan o‘tkazgan uchrashuvi chog‘ida dastlab Yoshlar parlamentining faoliyati, maqsad va vazifalari, shuningdek, yoshlarning siyosiy va ijtimoiy jarayonlardagi ishtiroki haqida atroflicha ma’lumotlar berildi.

Uchrashuvda harbiy xizmatchilar va yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash tizimini takomillashtirish, xususida ham so‘z bordi. Hozirgi globallashuv sharoitida yoshlarni turli buzg‘unchi g‘oyalarga jalb etish tobora kuchayib borayotgan bir paytda harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tarbiyaning o‘rni va ahamiyati tobora ortib borayotgani alohida ta’kidlandi.
Kogon tumanidagi jazoni ijro etish muassasasidagi uchrashuvda mahkumlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar ko‘zdan kechirildi. Koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarning bo‘sh vaqtlarini samarali tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan qiziqdi. Mahkumlar uchun mo‘ljallangan oshxona, u yerdagi jarayonlar, taomnoma ham nazardan chetda qolmadi.
Mahkumlar bilan o‘tkazilgan suhbat chog‘ida mamlakatimizda jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan, xorijiy mamlakatlardan qaytgan fuqarolarning ish bilan bandligini ta’minlash, jamiyatga moslashuvi, o‘zini-o‘zi band qilishi va yakka tartibda tadbirkorlik bilan shug‘ullanishlari uchun yaratilgan zarur shart-sharoitlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.