Kuni kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamentining yangi tarkibdagi birinchi majlisi avvalida partiya fraksiyalari rahbar va vakillari Yoshlar parlamenti a’zolari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Jumladan, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi deputatlari partiyadan Yoshlar parlamentiga saylangan 64 nafar yoshlarga rasmiy guvohnoma va ko‘krak-nishonlarini topshirdi. Ana shunday yuksak ishonch va e’tirofga sazovor bo‘lgan yoshlarga ishonch bildirildi. Yoshlar parlamenti instituti yoshlarning kelgusidagi faoliyatida pillapoya bo‘lishi, qonun ijodkorligi jarayonida o‘zini namoyon etishlariga siyosiy maydon bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.

Yoshlar parlamentiga "Milliy tiklanish" partiyasidan saylangan yoshlar fraksiya rahbari Alisher Qodirov bilan uchrashdi. Partiya yetakchisi yoshlarga kelgusidagi ish joyi aynan Qonunchilik palatasi bo‘lishiga ishonch bildirib, buning uchun partiya g‘oya va maqsad-vazifalari hayotiyligini ta’minlashda faol bo‘lish lozimligini ta’kidladi. Uchrashuv yakunida Yoshlar parlamentidagi fraksiya rahbari saylandi va 29 nafar Yoshlar parlamenti a’zolariga a’zolik guvohnomasi, ko‘krak nishoni hamda partiya ramzi tushirilgan esdalik sovg‘alari topshirildi.

Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi rahbari Ulug‘bek Inoyatov partiyadan Yoshlar parlamenti a’zoligiga saylangan 20 nafar yigit-qizlar bilan muloqot qildi. Fraksiya rahbari mamlakat parlamentida millionlab yoshlarning vakili sifatida faoliyat yuritish katta mas’uliyat ekanligini ta’kidlab, Xalq demokratik partiyasining dasturiy maqsadlariga erishishda yoshlar guruhi va fraksiya a’zolarining doimiy hamkorligi muhimligini qayd etdi. Partiya yoshlar guruhi faoliyatining dastlabki vazifalari belgilab olindi.

Yoshlar parlamentida “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining 21 nafar a’zodan iborat yoshlar guruhi faoliyat yuritadi. Partiya fraksiyasi rahbari Robaxon Mahmudova bu faol va umidli yoshlar bilan uchrashuvda yoshlarning kelgusi faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish, ularga siyosiy maydonda zarur bo‘lgan ko‘nikma va maslahatlar berish orqali yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratdi.

Uchrashuvda partiya fraksiyasi a’zolari ham ishtirok etib, o‘zlarining tajribalari va tavsiyalari bilan o‘rtoqlashdi. “Adolat”chi yoshlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan qonun ijodkorligi jarayonida bevosita ishtirok etib, o‘z tengdoshlarining orzu-istaklarini qonunchilikka tatbiq etish, ularning konstruktiv va innovatsion takliflarini Oliy Majlisga yetkazish orqali jamiyat taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shishi, tashabbuskor bo‘lishi lozimligi ta’kidlandi.
Uchrashuvlarda Yoshlar parlamentiga partiyalardan saylangan yoshlar guruhlariga rahbarlar saylandi. Yoshlar fraksiyalari oldidagi muhim vazifalar belgilab berildi. O‘z navbatida, yoshlar vakillari o‘zlariga bildirilgan yuksak ishonchga munosib ravishda harakat qilishlarini, tengdoshlari huquq va manfaatlari yo‘lida tashabbbuskor bo‘lishlarini qayd etdi.
Muhtarama Komilova, O‘zA