FOTOREPORTAJ
Namangan viloyati Yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig‘i Baxtiyor Mirzatov Namangan va Davlatobod tumanlari yoshlari bilan uchrashdi.
Uchrashuvda turli yo‘nalishlarda faoliyat yuritayotgan, shuningdek, o‘z g‘oyasi va tashabbusiga ega bo‘lgan yigit-qizlar ishtirok etdi. Ular ishga joylashish, kasb-hunar o‘rganish, ta’lim va kontrakt to‘lovlarida yordam, shuningdek, tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun imtiyozli kredit olish kabi masalalarda murojaat qildilar.
B. Mirzatov har bir murojaatni o‘rganishi asnosida ayrim masalalar joyida hal etildi, qolganlari bo‘yicha mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi. Shuningdek, muloqot davomida yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, davlat dasturlari hamda yangi tashabbuslarning amaliy ahamiyati haqida batafsil ma’lumot berildi.
[gallery-25902]
Muloqot samimiy ruhda o‘tdi va yoshlar o‘z fikr-mulohazalarini erkin bildirdilar. Uchrashuv yakunida boshqarma rahbari yoshlarni faol, tashabbuskor va mas’uliyatli bo‘lishga, o‘z g‘oyalari orqali jamiyat taraqqiyotiga hissa qo‘shishga chaqirdi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA