Poytaxtimizda Yoshlar ishlari agentligi va qator hamkor tashkilotlar bilan birga yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida “Yoshlar oyligi” hamda "Dolzarb 90 kun" tadbirlari doirasida harbiy qismga sayohat tashkil etildi.
Shuningdek, Toshkent shahridagi Yangi O‘zbekiston bog‘ida “Yangi O‘zbekiston yoshlari — kelajak bunyodkori” shiori ostida keng ko‘lamli tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbir Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligi hamda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Toshkent shahar kengashi hamkorligida o‘tkazildi.

Ushbu bayramona tadbir yoshlarning shijoat va ijodini yuzaga chiqaruvchi turli yo‘nalishlarda qizg‘in bellashuvlarga boy bo‘ldi. “Velopoyga”da kuch va bardosh, “Shaxmat-shashka turniri”da aql-zakovat, “Qo‘l jangi”da jasorat, “Yosh rassom”da esa tasavvur va qalb go‘zalligi namoyon bo‘ldi.

Ayniqsa, “Havo shari” ko‘rgazmasi, uchuvchilarning parashyutli chiqishlari, “Aviomobil” namoyishlari yoshlar nigohida porlagan hayrat va quvonch ifodalari bilan yodda qoldi.
Tadbir yakunida turli bellashuvlar g‘oliblariga diplomlar va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA