AOKAda Yoshlar ishlari agentligi tomonidan “Dolzarb 90 kun” tadbirlari va “Yoshlar oyligi” doirasida amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan brifing bo‘lib o‘tdi. Unda agentlik axborot xizmati rahbari Nodir Abduqodirov ma’lumot berdi.
Qayd etilganidek, davlatimiz rahbarining joriy yil 15 may kuni maktab ta’limi tizimidagi islohotlar samaradorligini yanada oshirish hamda kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida yozgi ta’til davrida o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish bo‘yicha “Dolzarb 90 kun” tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha topshiriqlari yuzasidan vazifalar belgilandi.
Xususan, "Dolzarb 90 kun" doirasida 7 million nafar o‘quvchi-yoshlarni madaniy-ma’rifiy va sport tadbirlariga jalb qilish rejalashtirilgan. Shulardan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi 3 million, Yoshlar ishlari agentligi 1 million, Sport vazirligi 640 ming, Mahallalar uyushmasi 260 ming, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi 250 ming, Turizm qo‘mitasi va Madaniy meros agentligi 135 ming, Kasaba uyushmasi 158 ming, Madaniyat vazirligi hamda Kinematografiya agentligi 1,2 million, Raqamli texnologiyalar vazirligi 101 ming va Kuch tuzilmalari 322 ming nafar yoshni qamrab olishni reja qilgan.
“Dolzarb 90 kun” tadbirlarini yuqori darajada tashkil etish bo‘yicha 17 ta vazirlik va idoralar bilan kelishilgan 18 banddan iborat Chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Ushbu vazifalarni yuqori darajada tashkil etish bo‘yicha joriy yilning 31 may kuni poytaxtimiz Toshkent shahri va barcha xududlarda “Dolzarb 90 kun” tadbirlariga start berildi.
Yoshlar ishlari agentligi tomonidan “Ibrat farzandlari”, “Qizlar akademiyasi”, “Mutolaa” loyihalari doirasida 90 ming nafar o‘quvchi-yoshlar jalb qilinadi. “Zakovat” loyihasi doirasida 120 ming nafar yoshlar jalb qilinadi. “Yoshlar turizmi” oyligi tadbirlari doirasida 30 ming nafar o‘quvchi-yoshlar jalb qilinadi. Madaniy-ma’rifiy va sport tadbirlari doirasida 760 ming nafar o‘quvchi-yoshlar bo‘sh vaqti mazmunli tashkil etiladi.
Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasining “Yozgi ta’til vaqtida umumta’lim maktablari o‘quvchilari, talabalar, mahalladagi yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda 30 iyun – “Yoshlar kuni” tadbirlarini yuqori darajada o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi majlis bayoniga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlarida estradamizning yorqin yulduzlari, xalqimiz sevgan xushovoz xonandalar ishtirokidagi gala-konsert dasturlari tashkil etiladi.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan 2021 yildan boshlab o‘tkazilayotgan “Yoshlar ovozi” – Bo‘zatov FEST tanlovi ham yakuniy pallaga kirdi. Tanlov baxshichilik, an’anaviy ijro, opera va estrada yo‘nalishlari bo‘yicha mahalladan boshlanib, sektor, tuman, viloyat bosqichlarida o‘tkazildi. Ayni kunlarda tanlovning bu yilgi mavsumi avj pallasiga kirmoqda. Tanlovning respublika bosqichi Yoshlar oyligi doirasida 3-7 iyun kunlari ilk marotaba Toshkent shahrida o‘tkaziladi.
Shuningdek, “Global yoshlar festivali” doirasida 3-6 iyun kunlari Samarqand shahrida “Yoshlar tadbirkorligi” haftaligi tashkil etiladi. Haftalik doirasida xalqaro biznes marafon, O‘zbekiston-Pokiston yosh tadbirkorlar forumi, O‘zbekiston-Xitoy yosh tadbirkorlar forumi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA