Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlar ovoziga quloq tutish juda muhim!
13:10 / 2020-08-13

Darhaqiqat, COVID-19 pandemiyasi butun dunyoda jiddiy iqtisodiy va ijtimoiy oqibatlarni yuzaga chiqardi.

Munosabat

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12-avgust – Xalqaro yoshlar kuni munosabati bilan oʻz ishini boshlagan “Yoshlar 2020: global miqyosdagi birdamlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari” mavzusida tashkil etilgan inson huquqlari boʻyicha Samarqand veb-forumi ishtirokchilariga tabrik yoʻlladi.

Davlatimiz rahbari anjumanda qatnashayotgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti, YUNESKO, Xalqaro mehnat tashkiloti, Migratsiya boʻyicha xalqaro tashkilot, Parlamentlararo ittifoq, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi, Islom hamkorlik tashkiloti vakillari va boshqa sheriklarga minnatdorlik bildirdi.

Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti 2017-yil 19-sentyabrda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida yoshlar masalasini koʻtarib, Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyani ishlab chiqish va qabul qilish tashabbusini ilgari surgandi. Vaholanki, hozirgacha insoniyatning barcha qatlamlariga tegishli haq-huquqlarni himoya qiluvchi normativ hujjatlar qatorida yoshlar bilan bogʻliq xalqaro huquqiy hujjat yoʻqligi ushbu masala naqadar dolzarbligidan darak beradi. Shunga koʻra, Oʻzbekiston Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiya loyihasini ishlab chiqdi. Bu jarayonda yoshlar masalasiga bagʻishlangan jahon tajribasi keng miqyosda oʻrganildi. BMT va shu tashkilot bilan bogʻliq xalqaro tuzilmalar (Xalqaro mehnat tashkiloti, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti, Parlamentlararo ittifoq va boshqalar) tomonidan yoshlar va yoshlar siyosatiga oid 30 dan ortiq universal hamda mintaqaviy tashkilot (Afrika Ittifoqi, Amerika davlatlari tashkiloti, Yevropa Kengashi, Islom hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi va boshqalar) doirasida 20 dan ziyod xalqaro hujjat eʼtiborga olindi. Oʻz oʻrnida, konvensiya loyihasi turli darajadagi muhokama jarayonlaridan oʻtdi. Samarqand forumi esa ushbu loyihaning eng yirik muhokamasiga bagʻishlandi.

Mazkur forum dasturidan yoshlar huquqlari va barqaror rivojlanish maqsadlari orasidagi bogʻliqlik, yoshlarning inson huquqlari borasidagi bilimi va huquqiy ongini oshirish, 2030-yilgacha yana-da xavfsizroq kelajakni qurish, tinchlik va osoyishtalikni taʼminlashda yoshlarning roli va ahamiyatini kuchaytirish masalalari ham oʻrin olgan.

–Kelajakka intilib yashaydigan yosh avlod sayyoramizda farovon hayot va yuksak taraqqiyot barqaror boʻlishi uchun yangi gʻoyalar va ijodiy ruhdagi saʼy-harakatlarni amalga oshiradigan beqiyos kuchdir, – deya taʼkidladi davlatimiz rahbari.

Darhaqiqat, COVID-19 pandemiyasi butun dunyoda jiddiy iqtisodiy va ijtimoiy oqibatlarni yuzaga chiqardi. Bunday vaziyatda, ayniqsa, aholining yoshlardan tashkil topgan qatlami alohida himoyaga muhtoj ekani koʻrinib qoldi. Koronavirus infeksiyasi tarqalishi tufayli taʼlim-tarbiya, ishlab-chiqarish sohalari rivojlanishida muayyan toʻsiqlar paydo boʻlib, yoshlar bilan bogʻliq bir qator ijtimoiy muammolar kelib chiqdi.

Vaziyatga haqqoniy baho berar ekan: “Bunday sharoitda yoshlarning ovoziga quloq tutish juda muhimdir”, dedi davlatimiz rahbari. Zero, yoshlar ehtiyojini taʼminlash, huquq va qonuniy manfaatini himoya qilishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda bevosita ishtirok etish uchun yoshlarning oʻziga imkoniyat yaratish muhim ahamiyat kasb etadi.

Oliy Majlis palatalari huzurida Yoshlar parlamentlari tuzilgani, Yoshlar ishlari agentligi va Yoshlar masalalari boʻyicha idoralararo kengash tashkil etilgani yurtimizda soha rivoji sari qoʻyilgan yana bir muhim qadam boʻldi.

Hozirgi vaqtda “Oʻzbekiston yoshlari – 2025” konsepsiyasi ishlab chiqilmoqda, yoshlar bilan ishlash samaradorligini baholashning yagona mezoni, yoshlar siyosatini baholash milliy indeksi joriy etishni koʻzlaydigan huquqiy-normativ hujjat tayyorlanishi kutilmoqda.

Samarqand forumi doirasida soʻzga chiqqan xalqaro ekspert Adish Agarvala davlatimiz rahbarining nutqiga baho berarkan: “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti dunyo davlatlari oʻrtasida yoshlar masalasini qoʻllab-quvvatlovchi eng faol va tashabbuskor rahbardir”, deya eʼtirof etdi.

Darhaqiqat, mamlakatimiz rahbarining nafaqat yurtimiz, balki yer yuzidagi barcha yoshlar sharoitini yaxshilash, davlat va jamiyat qurilishidagi oʻrnini mustahkamlash borasidagi sayʼ-harakatlari kelajakda tinchlik va barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan.

Oydin Abdullayeva,
Oliy Majlis Qonunchilik
palatasi deputati.