Poytaxtimizda “Yoshlar oyligi” doirasida “Yoshlar ovozi” tanlovining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi.
“Yoshlar ovozi – Bo‘zatov FEST” respublika tanlovi Prezidentimizning 2020 yil 2 oktyabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining navbatdan tashqari sessiyasida bergan topshirig‘i hamda kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan majlis bayonida belgilangan vazifalar ijrosi asosida tashkil etilgan.
[gallery-23763]
Yoshlar ishlari agentligi tomonidan bir qator tashkilotlar bilan hamkorlikda "Bo‘zatov — iqtidorlarni kashf etadi!" shiori ostida o‘tayotgan tanlovning bu yilgi mavsumida 300 mingdan ortiq yoshlar 5tashabbus.uz va telegramdagi @YoshOvozBot orqali ro‘yxatdan o‘tdi.
Tanlov mahalla, sektor, tuman (shahar), hududiy va respublika kabi besh bosqichdan iborat. Unda baxshichilik, an’anaviy ijro, opera hamda estrada yo‘nalishida 3 ta yosh (10-15 yosh, 16-22 yosh, 23-30 yosh) toifasidagi yoshlar ishtirok etdi. Tanlovning respublika bosqichida hududiy bosqichda saralangan 161 nafar ishtirokchi g‘oliblik uchun bor imkoniyatlarini namoyon etishdi.
Xususan, an’anaviy ijrochilik, estrada va opera yo‘nalishida 42 nafar yosh g‘oliblik uchun bellashdi. Har bir yo‘nalish bo‘yicha g‘oliblar munosib taqdirlandi.
Gulnoza Boboyeva, Marvarid Isroil (surat), O‘zA