Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlar o‘rtasida ommalashayotgan sport – Uchinchi Renessans poydevori asosi
05:28 / 2022-04-24

Munosabat

O‘zbekistonda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, shu orqali millat genofondini sog‘lomlashtirib, ishonchli taraqqiyotga yo‘l ochishga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilayotir. Bu boradagi ishlar Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi doirasida ham muttasil va tizimli davom ettirilishi rejalashtirilgan. Jumladan, Taraqqiyot strategiyasi 67-maqsadida jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanadigan fuqarolar sonini oshirish ko‘zda tutilgan.
Alohida aytadigan bo‘lsak, Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanadigan aholi ulushini 33 foizga yetkazish, milliy sport turlari va xalq o‘yinlarini rivojlantirish, “Yashil hudud”larda yugurish, velosipedda harakatlanish uchun “Salomatlik yo‘laklari” hamda badminton, stritbol va vorkaut maydonchalarini tashkil etish, milliy olimpiada sport o‘yinlarini o‘tkazish dasturini ishlab chiqish, oliy ma’lumotli trenerlar ulushini 85 foizga oshirish ko‘zda tutilgan.
Bu boradagi chora-tadbirlar allaqachon boshlab yuborilgan. Xususan, yil boshidan buyon Prezidentimiz jismoniy tarbiya va sport sohasi, sog‘lom turmush tarzini rivojlantirishga doir 2 ta farmon, 5 ta qaror imzoladi, yoshlar o‘rtasida ommaviy sportni rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi, Olimpiya shaharchasi qurilishi loyihasi bilan tanishdi. Joylarga tashriflar chog‘ida ham xalqimizni ommaviy sportga jalb qilish masalasi doimiy e’tiborda turdi. 
Mana shu boradagi chora-tadbirlar joriy yil 11 apreldan yangi bosqichda davom etmoqda. Gap shundaki, shu kuni Prezidentimiz “Mahallalarda yoshlarni ommaviy sportga jalb qilishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Bu qaror o‘zining hayotiyligi, sog‘lom turmush tarziga keng yo‘l ochishi, yoshlarning jismoniy va ma’naviy salohiyatini oshirishi bilan tarixiy ahamiyat kasb etadi. Bir so‘z bilan aytganda, yoshlar o‘rtasida ommaviy sportni rivojlantirish yo‘lida mamlakatda katta harakat boshlandi.
Qarorda ommaviy sport bilan muntazam shug‘ullanuvchi oilalarga mahallalar va istirohat bog‘larida sharoit yaratish, oilaviy sportni rag‘batlantirish mexanizmlarini joriy etish vazifasi qo‘yildi.
Bu mexanizm xalqimiz uchun quvonchli yangilik bo‘ldi. Negaki, hozirgacha oilaviy sport bilan shug‘ullanish uchun sharoit va imkoniyat yo‘q edi. Bori ham ommaviy qurshab olishga tayyor emasdi. 
Endi mahallalarda, soya-salqin bog‘larda shunday sharoit bo‘ladi. Bu oilalarda sog‘lom muhit shakllanishi, hamjihatlik bo‘lishi, kasalliklar kamayashiga olib keladi
Prezident qarori bilan aholining keng qatlami orasida ommaviy sport musobaqalarini tashkil etish tadbirlarining ham huquqiy asoslari belgilandi.
Jumladan, yoshlar o‘rtasida sportning futbol, mini-futbol, voleybol, yengil atletika, shaxmat, shashka, stol tennisi, stritbol, vorkaut turlari bo‘yicha besh bosqichli, olimpiya, noolimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha uch bosqichli musobaqalar o‘tkazilishi ham katta xursandlik bilan kutib olindi.
Besh bosqichli musobaqalar ko‘chalararo mahalla, mahallalaro sektor musobaqalari, unda g‘olib bo‘lgan mahalla jamoalari o‘rtasida tuman (shahar), keyin viloyat, nihoyat, mahalla jamoalarining respublika bellashuvlari qanday yaxshi. 
Birinchi bosqich – 10-25 aprel kunlari ko‘chalararo o‘tkaziladi. Unda 7 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlar saralash bosqichi g‘olibligi uchun kurashadi. Musobaqalar yakunida sport turlari bo‘yicha har bir mahallaning terma jamoasi shakllantirilib, ular keyingi bosqichda ishtirokini davom ettiradi.
Ikkinchi bosqich – 1-10 may kunlari bo‘lib o‘tadi. Unda hududlardagi mahallalar o‘rtasida sektor musobaqalari tashkil etiladi.
Uchinchi bosqich – 15-25 may kunlari tashkil etiladi. Ya’ni, sektorlar bosqichida g‘olib bo‘lgan mahalla jamoalari o‘rtasida tuman (shahar) bosqichi bo‘lib o‘tadi.
To‘rtinchi bosqich – 1-10 iyun kunlari tuman miqyosida g‘olib chiqqan mahalla jamoalari o‘rtasida hudud chempionligi hamda respublika bosqichi yo‘llanmasi uchun o‘tkaziladi.
Beshinchi bosqich – 15-25 iyun kunlari bo‘lib o‘tadi. Unda hududlarda g‘olib va sovrindor bo‘lgan mahalla jamoalari o‘zaro musobaqalashadi.

“Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida 7-10 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlar o‘rtasida “Quvnoq startlar” musobaqasi hamda shaxmat-shashka bo‘yicha ham bahslar tashkil etiladi. Ushbu yosh toifasidagi musobaqalar mahalla bosqichi bilan yakunlanadi.
E’tibor bering, qarorda har ikki musobaqaning ham moliyaviy manbasi aniq ko‘rsatilgan. Bu ham musobaqalarning ommalashishiga muhim asos bo‘ladi.
Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida aholini ommaviy sportga jalb qilish orqali yillik qamrovni hozirgi 19 foizdan 25 foizga yetkazilishi ko‘zda tutilgan. Keyingi yillarda 70 dan ziyod jismoniy tarbiya va sport muassasasini qurish, barcha bog‘cha va maktablarni sport jihozlari bilan ta’minlash, tuman markazlari va shaharlarda maxsus piyodalar va velosiped yo‘laklari barpo etish rejalashtirilgan. Shu kunlarda bu chora-tadbirlar boshlab yuborilgan va jadal davom etmoqda.
Keyingi ikki yilda mamlakatimizda sport bilan shug‘ullanadiganlar soni ikki barobar ko‘paydi. Yurtimiz sportchilari turli xalqaro musobaqalarda mingdan ziyod medallarga egalik qildi. Ularning 400 dan ortig‘i oltin medaldir.
Bu raqamlarni keltirishimizga sabab bugun O‘zbekistonda shunday bir kuch paydo bo‘ldiki, shunday ilg‘or va shiddatli taraqqiyot og‘ushidamizki, uning asosini istaymizmi, yo‘qmi, baribir sog‘lom turmush tarzi ommalashgani bilan izohlaymiz. 
Prezidentimizning tarixiy ahamiyatli qarori bilan bolalar-o‘smirlar sport maktabi direktorining ommaviy sportni rivojlantirish va seleksiya bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi joriy etilmoqda. Besh va uch bosqichli musobaqalari davomida g‘olib va sovrindor yoshlarni tarbiyalagan maktablarning jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari, sport ta’lim muassasalari murabbiylari malaka attestatsiyasiga jalb etilmaydi, shuningdek, ularga belgilangan tartibda malaka toifasi beriladi.
Bundan tashqari, endi hokimlar ham bevosita mahallalarga tushib, sport islohoti bilan shug‘ullanadi. Chunki qarorda hududlarda tashkil etiladigan boshqa sport musobaqalari tuman (shahar) va viloyat bosqichi g‘oliblari uchun hokim sovrinini ta’sis etish belgilangan. Bir so‘z bilan aytganda, yoshlar o‘rtasida ommalashayotgan sport musobaqalari, kun kelib, yaqin kelajakda, yangi O‘zbekistonni rivojlantirish va Uchinchi Renessans poydevoriga mustahkam asos qo‘yish yo‘lidagi zalvorli qadamlardan biriga aylanishi shubhasiz.

Qobiljon USMANOV, 
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti 
Tennis, badminton nazariyasi va uslubiyati kafedrasi mudiri.
O‘zA