Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlar ongida halollik tamoyillarini shakllantirish – muhim vazifa
11:31 / 2025-10-17

Navoiy viloyat “Intilish va taraqqiyot” markazi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Fuqarolikjamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining Navoiy viloyati bo‘linmasi moliyalashtiruvi asosida “Korrupsiyaga qarshi immunitet – yoshlar ongida halollik tamoyillarini shakllantirish” loyihasi doirasida targ‘ibot tadbirlari olib borildi.

Loyiha doirasida Navoiy shahridagi oliy ta’lim muassasalari va mahallalarda seminar hamda o‘quv mashg‘ulotlari, umumta’lim maktablarida esa insho yozish, ijodiy chiqish va video roliklar tanlovi o‘tkazildi. Shuningdek, 23 ta umumta’lim maktabida “Halollik darslari” o‘tkazilib, targ‘ibot materiallari tayyorlandi va tarqatildi. 

– Yosh avlod jamiyatning kelajagi bo‘lib, ular halollik, adolat, mas’uliyat kabi tamoyillarni o‘zlashtirgan taqdirda mamlakat taraqqiyotiga samarali xizmat qilishi mumkin, – deydi markaz direktori Zuhra Karimova. – Shuning uchun ham korrupsiyaga qarshi immunitetni yoshlar ongida shakllantirish muhim vazifalardan biridir. Korrupsiya jamiyatda salbiy ta’sir ko‘rsatadigan illatlardan biri bo‘lib, uning oldini olish uchun eng samarali yo‘l bu yoshlarni halollik tamoyillari asosida tarbiyalashdir. 

Halollik tamoyillarini shakllantirish uchun ta’lim muassasalari, oilalar va jamiyat birgalikda ishlashi lozim. Maktablarda, oliygohlarda yoshlar bilan ochiq va samarali suhbatlar, seminarlar, treninglar o‘tkazish orqali ularga halollikning ahamiyatini anglatish mumkin. Shuning uchun yoshlarni axloqiy tarbiya bilan birga, qonunlarni hurmat qilishga, jamiyatdagi huquqiy madaniyatni oshirishga o‘rgatish muhimdir. 

“Korrupsiyaga qarshi immunitet – yoshlar ongida halollik tamoyillarini shakllantirish” loyihasi yoshlarning huquqiy madaniyatini yanada yuksaltirish, jamiyatda halollik va adolat prinsiplarini mustahkamlashda muhim qadamlardan biri ekanligi bilan ahamiyatlidir. 

A.Bo‘riyev, O‘zA