Andijon shahrida “Mustahkam oila – jamiyat ko‘zgusi” mavzusida o‘quv seminari o‘tkazildi. Andijon shahar hokimligi, Oila va xotin-qizlar bo‘limi tomonidan oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, oilaviy ajrimlarning oldini olish hamda turmush qurish arafasidagi yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash maqsadida tashkil etilgan o‘quv seminarida mahalla fuqarolar yig‘inlarining faol ayollari, otinoyilar, bo‘lajak kelin-kuyovlar ishtirok etdi.
Oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini hisoblanadi. Oila qanchalik mustahkam bo‘lsa, jamiyat shu qadar farovon va barqaror bo‘ladi. Jamiyat, oila va shaxs bir-birisiz mukammal va baxtiyor bo‘la olmaydi. Oilaning jamiyatdagi o‘rni va roli masalasi barcha davrlarda ham nihoyatda muhim ahamiyat kasb etgan. Shu ma’noda Andijon shahrida bo‘lajak kelin-kuyovlar ishtirokida o‘tkazilgan seminar shubhasiz, barpo etilayotgan oilalar mustahkamligini ta’minlashga xizmat qiladi.
– Ayni kunda Andijon shahrida 110,5 mingdan ziyod oilalar mavjud, – deydi Andijon shahar hokimi o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Nargiza Ulug‘bekova. – Seminar bo‘lajak oilalarning mustahkam va barqarorligini ta’minlash, yoshlarning oilaviy hayot haqidagi bilim va tushunchalarini boyitishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Andijon shahar oila va xotin-qizlar bo‘limi qoshida oila quruvchi yoshlar uchun 12 soatlik o‘quv kursi tashkil etilgan bo‘lib, bo‘lajak kelin-kuyovlar mazkur kursda maxsus dastur asosida o‘qitilmoqda. Kursni tamomlagan yoshlarga tegishli sertifikat berilmoqda. Mahalla fuqarolar yig‘inlari tomonidan yoshlarning oila qurishi uchun xulosa berilishida, yoshlarning ana shu kursni tamomlaganliklariga alohida e’tibor qaratiladi.
[gallery-6607]
O‘quv seminarda oila qurish arafasidagi 12 juft yoshlar bilan Andijon shahar bosh otinoyisi Azizaxon Ziyayeva, oila va xotin-qizlar bo‘limi qoshidagi “Buvijonlar maktabi” kengashi rahbari Pariro‘y Anorboyeva suhbatlashdi. Ular yoshlarga oilaviy hayotning o‘ziga xos jihatlari, kelin-kuyovning qonuniy, diniy burch hamda majburiyatlari, odoblari, qaynona-kelin munosabatlari va boshqa qator masalalar xususida hayotiy misollar asosida keng tushunchalar berdi.
– Suhbatlarda qatnashib, oilaviy hayot haqidagi tushunchalarimiz yanada boyidi, – deydi seminar ishtirokchisi Abdurashid Hoshimov. – Ishonamanki, olgan bilimlarimiz, boy hayotiy tajribaga ega onaxonlardan eshitgan nasihatlarimiz kelgusida oilaviy hayotimizni chiroyli yo‘lga qo‘yishda albatta, yordam beradi. Shuningdek, seminarda huquqshunos, shifokor mutaxassislar tomonidan ham oila mustahkamligini ta’minlash, oilaviy munosabatlar bo‘yicha ma’ruzalar o‘qildi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA