English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlar muammolarini o‘rganishda NNTlar o‘rni ortmoqda
15:11 / 2025-07-29

Nurafshon shahrida “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash sohasidagi NNTlar faoliyati tahlili: muammo va yechim” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi viloyat hududiy bo‘linmasi, Viloyat Adliya boshqarmasi, “Yuksalish” harakati viloyat bo‘limi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent viloyati Kengashi, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi viloyat hududiy bo‘linmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda ishtirokchilar faol qatnashdi.

Ma’lumki, Fuqarolik jamiyati institutlari yoshlar va bolalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash sohasida muhim rol o‘ynaydi. Bu institutlar turli tashkilotlar, fondlar, jamoat birlashmalari va NNTlarni o‘z ichiga oladi. Ular yosh avlodning huquqlarini himoya qilish, ularning ijtimoiy holatini yaxshilash va rivojlantirish uchun turli dasturlar va loyihalarni amalga oshiradi. Lekin bu jarayonda yoshlarning huquqlarini ta’minlashga qaratilgan monitoring va axborot-targ‘ibot faoliyati ham jamiyat uchun juda muhimdir. Davra suhbatida qatnashchilar tomonidan aynan shu jihatlarga alohida e’tibor qaratildi. 

– O‘tgan davrda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida ko‘plab qonun va qonun osti hujjatlari qabul qilingan. Ularning ijrosi yuzasidan Toshkent viloyatida yoshlar va bolalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida salmoqli ishlar amalga oshirilgan. Hozir hududda 1 million 542 ming 922 nafar 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar mavjud bo‘lib, ularning 628 ming 542 nafari 14-30 yoshdagilarni tashkil etadi. Ularni tadbirkorlikka qiziqtirish va xususiy sektorda faoliyat boshlashiga ko‘maklashish maqsadida 42 marotaba 4 ming 110 nafar yoshlar ishtirokida biznes seminar, 680 nafar yoshlar ishtirokida biznes uchrashuv, 400 nafar yoshlar ishtirokida 6 ta biznes sayohat hamda 1600 nafar yoshlar ishtirokida 2 ta biznes marafon o‘tkazilgan, – deydi Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi viloyat hududiy bo‘linmasi mutaxassisi Shoira Oxunjonova. 

Tadbirda ishtirokchilar tomonidan mamlakatimizda a’zolar soni jihatdan eng yirik nodavlat notijorat tashkilotlaridan biri O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Yoshlar birlashmasi tomonidan ham yoshlar va bolalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasidagi loyihalari amalga oshirilgani ta’kidlandi. 

2021-2024 yillar davomida yoshlarda vatanparvarlik, yurtga sadoqat, halollik va mardlik tuyg‘ularini mustahkamlash, sog‘lom turmush tarziga jalb etishga qaratilgan o‘quv seminar va ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar, ko‘rik-tanlovlar, sport musobaqalari hamda davra suhbatlari o‘tkazildi. Ularga Toshkent viloyati kasaba uyushmasi Yoshlar birlashmasining 39 ming 850 nafardan ziyod yosh a’zolari qamrab olingan. 

Shuningdek, viloyatda o‘z tashabbusi bilan tashkil etilgan nodavlat notijorat tashkilotlari orasida yoshlar va bolalarni qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish yo‘nalishida faoliyat olib borayotganlari ham mavjud. Jumladan, “Bolalar va oilalarni qo‘llab-quvvatlash assotsiatsiyasi” Toshkent viloyati bo‘limi nogiron oila farzandlari, mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari hamda sobiq tarbiyalanuvchilarning oilalaridan xabar olish, ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tgan yil 50 million so‘m miqdoridagi grant mablag‘larini olgan. 

Masalan, mehribonlik uyini tamomlagan va hozirgi kunda mustaqil hayotga qadam bosgan bitiruvchi A.Yusupovga davlat tomonidan berilgan uy joylarini jihozlashi uchun gilam, muzlatgich va yumshoq mebel olib berilgan. Shuningdek, ota-onasi nogiron bo‘lgan oila bolalarining xolidan xabar olinib ularga maktab uchun kerakli o‘quv qurollari, sanitar gigiyenik mahsulotlar olib berishda ko‘maklashilgan. 

Davra suhbatida yoshlarni mehnat bozorida aktual kasblarga o‘qitish va ish topishlariga ko‘mak berish hamda sohaga innovatsion metodlarni joriy etish maqsadida tashkil etilgan O‘zbekiston ta’lim va innovatsiyalarni rivojlantirish assotsiatsiyasi nodavlat notijorat tashkiloti faoliyati samarali yo‘lga qo‘yilgani aytib o‘tildi. 

Mazkur assotsiatsiyaga oxirgi 5 yilda 700 million so‘mlik grant mablag‘lari ajratilgan. Shu asosida 2 ming 500 nafar yoshlar va xotin-qizlar buxgalteriya, axborot texnologiyalari, tadbirkorlik asoslari, Ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyat, menejment, tikuvchilik, grafik dizayn singari zamonaviy kasb yo‘nalishlari bo‘yicha bepul o‘qitilgan. Shuningdek, 40 dan ortiq ta’lim muassasalarida turli targ‘ibot treninglari tashkil etilib, 3 mingdan ziyod tarqatma materiallar va o‘quv qo‘llanmalar xotin-qizlar va yoshlarga tarqatilgan. 

– Tadbirda yoshlar balansini shakllantirishda toifalarga ajratish masalasi tanqid qilindi. Biroq, bizning faoliyatimizda bu tartibda ish olib borish muhimdir, – deydi Piskent tumanidagi “Bekobod” MFY yoshlar yetakchisi Shahlo Yakubova. – Ayniqsa, og‘ir toifadagi yoshlar bilan ishlashda nimalarga alohida e’tibor berish kerakligi borasida tavsiyalarni oldik. Bu jarayonda nodavlat notijorat tashkilotlarning tashabbuslaridan to‘g‘ri foydalanish zarurligi borasida xulosalarga ega bo‘ldim. Bundan tashqari, mamlakatimizda “Yoshlar daftari”ning joriy etilishi yoshlarga oid davlat siyosati ijrosini ta’minlash borasidagi eng muhim qadam bo‘ldi. Bugungi kunda 18-30 yoshdagi minglab ijtimoiy himoyaga hamda iqtisodiy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj ishsiz yoshlarning muammosi o‘z yechimini topa boshladi. 

Tadbirda hududlardagi mahallalarda faoliyat yuritayotgan yoshlar yetakchilari nodavlat notijorat tashkilotlar bilan hamkorlikda samarali ishni tashkil qilish, yoshlarga oid mavjud muammolarga yechim topish borasida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. 

A.Musayev,O‘zA.