Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlar muammolarini o‘rganish va hal etish – eng asosiy masala
16:10 / 2023-10-09

Prezidentimizning 2022 yil 19 yanvardagi “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga asosan maktablardagi yoshlar yetakchilari shtat birliklari qisqartirilib, uning o‘rniga respublikadagi har bir mahallada yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etildi.

Shunga ko‘ra, mamlakatimizdagi qariyb 10 mingga yaqin mahallada minglab yoshlarimiz ish bilan ta’minlandi. Hozirgi kunda esa ularga mahalladagi xonadonlar soniga qarab, 4 million so‘mdan 5 million so‘mgacha maosh to‘lanadi. Har chorakda eng ilg‘or 100 nafar yetakchi esa bir oylik maoshga teng pul mukofoti hamda “Yangi O‘zbekiston islohotchisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanadi.

Ma’lumki, O‘zbekiston umumiy aholisining 62,8 foizini yoshlar tashkil etadi. Bugungi kunda turli zararli g‘oyalar ta’siriga tushgan, onlayn qimor o‘yinlariga berilgan yoki umrini besamar o‘tkazayotgan yoshlar ham yo‘q emas. Ularni ta’lim va kasb-hunarga yo‘naltirish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishini tashkil qilish, muammolarini o‘rganish va hal etish eng asosiy masala. Shuning uchun ham mahallalarda yoshlar yetakchilariga ehtiyoj sezilmoqda. Ularning zimmasidagi asosiy vazifa o‘z mahalladoshlari, do‘stlari, o‘rtoqlarini to‘g‘ri yo‘lga boshlashdir.

Bu borada yaxshi natija ko‘rsatayotgan yetakchilar davlat e’tiboridan chetda emas. Xususan, 2022-2023 yillar davomida 220 nafar yoshlar yetakchisi yuqori lavozimlarga ishga o‘tgan. Yana 11 nafar yetakchi davlat mukofotlari bilan taqdirlandi, 210 nafari milliy zaxira kadrlar safiga kiritildi.

O‘z navbatida, yoshlar yetakchilari ishtirokida keng ko‘lamli ishlar bajarilmoqda. Jumladan, yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilish uchun 224 ming nafar yoshga qariyb 5,2 trillion so‘m kredit ajratildi.

Misol uchun, Samarqand viloyati Nurobod tumani Sazag‘an mahallasida yashovchi Furqat Karimov o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadida ushbu loyiha doirasida 300 million so‘m imtiyozli kredit mablag‘i olib, mebel ishlab chiqarish faoliyatini yo‘lga qo‘ygan. Bugungi kunda 8 nafar mahalla yoshlarining doimiy bandligini ta’minlash bilan bir qatorda, oylik aylanma mablag‘ hajmini 100 million so‘mga yetkazgan.

Shuningdek, yoshlarni qishloq xo‘jaligida band qilish uchun 254,6 ming nafar yoshga 66,3 ming gektar ekin maydoni ajratildi.

Xorazm viloyati Yangibozor tumani Shoirlar mahallasida yashovchi Og‘abek Yuldashev “Yoshlar daftari”ga kiritilgan. Unga “Ye-auksion” orqali 30 sotix yer maydoni ajratilgan. Bugungi kunda ushbu yer maydoniga pomidor ekib 3,5 tonna hosil olishga, 14 million so‘m daromad qilishga erishdi.

Shu bilan birga, yoshlarning ijtimoiy muammosini hal etish va bandligini ta’minlash uchun 525 ming yoshga “Yoshlar daftari”dan 892 milliard so‘mlik yordam ko‘rsatildi, 97 ming nafar talabaga 275 milliard so‘m kontrakt mablag‘lari to‘lab berildi. Yoshlarning hayotda o‘z o‘rnini topishi hamda o‘zini o‘zi band qilishi uchun 55,5 ming nafariga 150 milliard so‘mlik asbob-uskunalar va mehnat qurollari ajratildi, 13 ming nafar yigit-qiz haydovchilikka o‘qishi uchun 12 milliard so‘m xarajat qoplab berildi.

Jumladan, Toshkent viloyati, Zangiota tumanida yashovchi Nazar Intimoqovga o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishi uchun kompyuter jamlanmasi olib berilgan. Bugungi kunda u avtomobillarning yaroqsiz shinalaridan bolalar uchun o‘yinchoqlar va ko‘rgazma qurollari yasash faoliyatini yo‘lga qo‘yib, ayni vaqtda 7-8 million so‘m daromad olishga erishmoqda. 

Bu kabi misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Yoshlar yetakchilari tizimi yo‘lga qo‘yilgani yoshlarning murojaatlarini mahallaning o‘zida hal etish, ularni manzilli qo‘llab-quvvatlash imkonini bermoqda. 

Yoshlar yetakchilari lavozimini joriy etish orqali “Yoshlar balansi”, “Yoshlar daftari” va “Yoshlar portali” elektron platformalariga mahalladagi har bir yoshning ijtimoiy, iqtisodiy hamda salomatlik holati yuzasidan ma’lumotlar doimiy kiritilishi imkoni yaratilgani yoshlar muammolarini o‘rganishda qo‘l kelmoqda.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA