Sirdaryo viloyatida yoshlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish maqsadida Respublika ishchi guruhining navbatdagi o‘rganish ishlari amalga oshirildi. Mas’ullar tomonidan hududlardagi muammolar o‘rganilib, samarali yechimlar bo‘yicha aniq tavsiyalar berildi.
Viloyat hokimligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasi raisi Qahramon Quronboyev, Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov hamda yoshlar masalalari bo‘yicha mas’ul tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda asosiy e’tibor yoshlarning bandligini oshirish, jinoyatchilikning oldini olish, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish masalalariga qaratildi.
Ta’kidlanishicha, viloyat va tuman darajasida yoshlar bandligi bo‘yicha ishlar samaradorligida sustkashlik holatlari kuzatilmoqda. Bu borada mas’ullarga nisbatan zarur choralar ko‘rish yuzasidan topshiriqlar berildi. Shu bilan birga ta’lim muassasalari bilan mahalla raislari, yoshlar yetakchilari va hokim yordamchilari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash zarurligi qayd etildi.

"Sirdaryoni yoshlar ishsizligidan xoli hududga aylantirish, barcha yoshlarni daromadli mehnat bilan ta’minlash bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqish lozim", deyildi yig‘ilish yakunida.
Respublika ishchi guruhi a’zolari, jumladan, Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasi raisi Qahramon Quronboyev bir qator mahallalarda yoshlar bilan bevosita uchrashib, ularning faoliyatini o‘rgandi. Yer maydonlaridan samarali foydalanayotgan, chet tillarini o‘rganayotgan yoshlar bilan muloqot chog‘ida faoliyatni kengaytirish va qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish bo‘yicha taklif va tavsiyalar berildi.

Hududlarda yoshlarga ajratilgan yer maydonlaridan foydalanish holati ham o‘rganildi. Ushbu tashabbus Prezidentimizning 2024 yil 12 iyundagi “Yoshlarga yer ajratish orqali ularning daromadlarini oshirish va bandligini ta’minlash, shuningdek, yangi yer maydonlarini o‘zlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilgan.

Yoshlar ishlari agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Dilnozaxon Kattaxanova Mirzaobod tumanidagi “Do‘ngariq” mahallasidagi “Ibrat farzandlari” o‘quv markazi faoliyati bilan tanishdi. Markazda 100 nafarga yaqin yoshlar ingliz, rus, koreys va nemis tillarini o‘rganmoqda. Tashrif doirasida “Bog‘iston” mahallasi yoshlar yetakchisining faoliyati ham o‘rganilib, samaradorlikni yanada oshirish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.

Respublika ishchi guruhi tomonidan amalga oshirilayotgan mazkur o‘rganishlar hududlarda yoshlar bilan ishlashda yangi yondashuvlarni joriy etish, muammolarni aniq va manzilli hal etish orqali yoshlarning bandligini ta’minlashga xizmat qiladi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri