English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlar muammolari doimiy e’tiborda
15:22 / 2020-01-20

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi T.Xudaybergenov rahbarligidagi ishchi guruhi yoshlar faoliyati va qiziqishlari bilan tanishish, ularni qiynayotgan muammolarni aniqlash va hal qilish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasining Ellikqal’a tumaniga tashrif buyurdi.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi T.Xudaybergenov rahbarligidagi ishchi guruhi yoshlar faoliyati va qiziqishlari bilan tanishish, ularni qiynayotgan muammolarni aniqlash va hal qilish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasining Ellikqal’a tumaniga tashrif buyurdi.

Mazkur ishchi guruh tarkibida Prezident maslahatchisi o‘rinbosari A.Usmanov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Q.Sariev, vazirlik va idoralar vakillari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Qoraqalpog‘iston Respublikasi va tuman kengashlari faol yoshlari ishtirok etdi. 

Ishchi guruh dastlab tumanning “Qilchinoq” ovul fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan “CHAMANTEX” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli tikuvchilik sexi faoliyati bilan tanishdi. 2019 yil oktabr oyida ish boshlagan sexda 120 ta xotin-qiz ishlamoqda. Tashrif buyurgan yoshlar tikuvchi qizlar bilan tajriba almashdi.

Tumandagi “Sarabiy” ovul fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi Ramanberdi Jabborovlar xonadonida tashkil etilgan hunarmandchilik, kigiz, o‘zbek va turkman millatlariga mansub milliy liboslar ko‘rgazmasi yoshlarda katta taassurot qoldirdi. 

Yosh tadbirkor Oxunjon Yavkachev “Yoshlar kelajagimiz” davlat dasturi asosida tadbirkorlik faoliyatini boshlagan edi. Bugungi kunga kelib u tashkil etgan “Sarabiy teks” tikuvchilik va paypoq ishlab chiqarish sexida 30 nafar yosh ish bilan ta’minlandi. Sex faoliyatini yaqindan kuzatgan fidoyi yoshlar guruhi o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Shuningdek, ushbu sex yonida joylashgan Sarabiy innovatsion avto maktabi ham yoshlarda alohida qiziqish uyg‘otdi. Mazkur maktabda 25 ta ish o‘rni yaratilib, zamonaviy avto o‘quv jihozlari bilan ta’minlangan. Muassasada ikki smenada 150 nafar o‘quvchiga dars o‘tish imkoniyati mavjud. 

Navbatdagi manzil “Amirobod” ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi gidroponika texnologiyasi asosida 4 gektar maydonda barpo qilingan “Agro eksim gold” MChJga qarashli issiqxona bo‘ldi. Loyiha qiymati yiliga 750 tonna sabzavot mahsulotini yetishtirish quvvatiga ega issiqxonada mavsumiy 80 nafar, doimiy 50 nafar xotin-qiz ish bilan ta’minlangan. Faol yoshlarga issiqxonada pomidor, bodring kabi sabzavot mahsulotlarini yetishtirish texnologiyasi va jarayonlari to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.

Ma’lumki, Ellikqal’a o‘z nomiga monand qadimiy qal’alar maskanidir. Tumanga tashrif buyurgan yoshlar tadbirkorlik sub’ektlari bilan birga, ko‘hna tarixiy qal’alardan biri “Ayoz qal’a” turistik ob’ektiga sayohat qildi. 

Shuningdek, vazirlik va idoralar vakillari o‘z sohalari bo‘yicha tuman yoshlari holidan xabar olib, ularni qiynayotgan masalalarni o‘rganib, tegishli choralar ko‘rildi. 

Kun davomida tashkil etilgan tadbirlar yakuni tuman san’at saroyida davom etdi. Uchrashuvda yoshlar bilan ochiq muloqot bo‘ldi. Ularning taklif va murojaatlari tinglandi va shu joyning o‘zida hal qilish yuzasidan mutasaddi rahbarlarga topshiriqlar berildi.

Bunday uchrashuvlar Orolbo‘yining boshqa tumanlarida ham bo‘lib o‘tdi.