O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti – Qurolli Kuchlar Oliy Bosh qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 12 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Xavfsizlik Kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasidagi ishlar samaradorligini yanada yuqori bosqichga ko‘tarish, yoshlarning qalbida harbiy kasbga, milliy armiyaga hurmat tuyg‘ularini kuchaytirish yuzasidan qator topshiriq va vazifalar belgilab berilgan edi.
Milliy gvardiya Andijon viloyati boshqarmasi tashabbusi bilan mahallalardagi uyushmagan yoshlar vakillari hamda umumta’lim maktablari o‘quvchilarining Milliy gvardiya viloyat boshqarmasiga tashrifi tashkil etildi.
“Yurt tinchligi va himoyasi ishonchli qo‘llarda!” deb nomlangan tadbir ochilishiga bag‘ishlangan marosimda so‘z olganlar mamlakatimizda harbiy sohada keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani, Qurolli Kuchlarimiz, Milliy gvardiya salohiyati tobora yuksalib borayotganligi, harbiy kasb mas’uliyati, mashaqqati, Vatan himoyasi hamda uning tinchligini saqlash muqaddas burch ekanligi haqida gapirdi.
[gallery-15903]
Tadbirda harbiy texnikalar, qurol va aslahalar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Milliy gvardiya askarlarining jangovor tayyorgarlik bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlari namoyish etildi.
Shuningdek, tadbir doirasida milliy gvardiya askarlari va yoshlar o‘rtasida arqon tortish, tosh ko‘tarish, shaxmat-shashka bo‘yicha sport musobaqalari o‘tkazildi. Musobaqalarning g‘olib va sovrindorlari rag‘batlantirildi.
«Ot minish» va «Kamondan otish» bo‘yicha o‘tkazilgan mahorat darslari yoshlarda unutilmas taassurotlar qoldirdi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari