FOTOREPORTAJ
Hayot har bir kishiga ulkan va bebaho tuhfa in’om etadi, bu kuch-quvvatga to‘la yoshlik, bilim va kurashga chanqoqlik, ishonch va orzu-umidga to‘la o‘spirinlikdir. Demak, yoshlik bergan imkoniyatlardan oqilona foydalanishimiz zarur. Ma’lumki, mamlakatimizda 2024 yil – Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili, deb e’lon qilindi. Bu mamlakatimiz yoshlariga bo‘lgan e’tiborning yana bir ifodasi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Keyingi yetti yilda yoshlar siyosati samaradorligiga oid jami 100 ga yaqin qonun va qonunosti hujjatlari, jumladan, 2016 yil 14 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. Mazkur hujjat yoshlarning zamon talablari darajasida ta’lim olishi, o‘sib-ulg‘ayishi, o‘z bilim va salohiyatini namoyon etishi uchun zarur sharoitlarni yaratishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
[gallery-15784]
Surxondaryo viloyatida ham yoshlarning hayotda o‘z o‘rnini topishi uchun munosib sharoit yaratish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, kasbga yo‘naltirish va bandligini ta’minlash, tashabbuslarini rag‘batlantirishga katta e’tibor qaratilgan. Natijada, voha yoshlari turli sohalarda o‘z iste’dodini namoyish etmoqda.
Viloyatda hozirgi kunga qadar 733 ming nafar 14-30 yosh oralig‘idagi o‘g‘il-qiz mavjud bo‘lib, ularning 33 ming 170 nafari “Yoshlar daftariga” kiritilgan va 27 ming 502 nafariga amaliy yordam ko‘rsatilgan. Ularning 6 ming 338 nafari ishga joylashtirilgan, 302 nafariga imtiyozli kredit ajratilgan bo‘lsa, yana 377 nafari nodavlat ta’lim muassasalarida kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitildi.
Sherobod tumani Oltin voha mahallasida yashovchi Shahnoza Ko‘charova ham “Yoshlar daftari” ko‘magi bilan o‘z biznesini boshlagan yoshlardan. Subsidiya asosida tikuv mashinasini olgach, Shahnoza mahalla binosidan to‘garak ochish va 100 nafar yoshga o‘z hunarini o‘rgatishga ulgurdi. Hozirda u Termiz muhandislik-texnologiya institutida ta’lim olmoqda. Shu bilan birga, talabalar yotoqxonasida 60 nafar talaba-qizga tikuvchilik sir-asrorlarini o‘rgatmoqda.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA