Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi
17:24 / 2020-01-07

Komissiyaning o‘tgan yildagi faoliyati, amalga oshirgan ishlari hamda kelgusidagi rejalari muhokama qilindi.


Komissiyaning o‘tgan yildagi faoliyati, amalga oshirgan ishlari hamda kelgusidagi rejalari muhokama qilindi.

Yig‘ilishda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning 2019 yil 27 dekabrda poytaxtimizdagi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktabda yoshlar bilan o‘tkazgan uchrashuvi mamlakatimiz yoshlari hayotida unutilmas kun bo‘lib qolgani e’tirof etildi.

Mazkur uchrashuvda yoshlar hayotidagi muammolar, dolzarb vazifalar muhokama qilinib, bugungi kunda ularni qiynayotgan eng muhim masalalar yuzasidan mutasaddilar oldiga qator vazifalar qo‘yilgani, shu bilan birga, uchrashuvda qatnashgan yigit-qizlar ko‘plab takliflar ham bildirgani yoshlar masalasi davlatimiz rahbarining doimiy diqqat-e’tiborida ekanidan dalolatdir.

– Komissiya faoliyatida mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati sohasida olib borilayotgan islohotlarning amalga oshirilishida Qonunchilik palatasining rolini oshirish, shuningdek, yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy faolligini qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy dunyoqarash, bilim va ko‘nikmaga ega yigit-qizlar safini kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi, – dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiyasi raisi Kozimjon Tojiev. – Quyi palatada ko‘rib chiqilayotgan qonun loyihalariga bevosita yoshlar masalalariga taalluqli hamda ular manfaati bilan bog‘liq takliflar komissiya a’zolari tomonidan qonun loyihalari bo‘yicha tuzilgan ishchi guruhlariga taqdim etildi.

O‘tgan davr mobaynida komissiya tomonidan yoshlarga oid davlat siyosatini samarali amalga oshirish, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan o‘rganishlar olib borildi. Xususan, yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni ish bilan ta’minlash, ishbilarmonlik ko‘nikmalarini rivojlantirish, ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish, ta’lim olish huquqi bilan bog‘liq dolzarb masalalar bo‘yicha o‘rganishlar, tahlillar o‘tkazilib, qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqildi.

Bu takliflar yangi qonunlar loyihalarida o‘z aksini topdi.

Bundan tashqari, yoshlarni Qonunchilik palatasi majlislarida qonunlar qabul qilinishi jarayoni bilan yaqindan tanishtirish hamda deputatlarning yigit-qizlar bilan ochiq muloqotini o‘tkazish masalasi komissiyaning doimiy e’tiborida bo‘ldi.

Yoshlar deputatlar birlashmalarining yig‘ilishlari, qolaversa, Qonunchilik palatasining yalpi majlislariga ham taklif etilib, qonun loyihalari muhokamalarida bevosita ishtirok etishi uchun sharoit yaratildi. Shuningdek, ular Qonunchilik palatasi deputatlari bilan yuzma-yuz suhbatlashib, o‘zlarining taklif va fikr-mulohazalarini bildirish imkoniga ega bo‘ldi.