Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlar markazi: bo‘sh vaqt emas, imkoniyat makoni
15:12 / 2025-12-11

FOTOREPORTAJ

Qashqadaryo viloyati markazi bo‘lgan Qarshi shahrida yoshlar uchun yaratilayotgan sharoitlar yildan-yilga ko‘payib bormoqda. Shahar markazida faoliyat yuritayotgan Yoshlar markazi esa bu jarayonning yuragi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ayniqsa, markaz qoshida yo‘lga qo‘yilgan turli to‘garaklar yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni kasb-hunarga yo‘naltirish, ilmiy salohiyatini oshirishda muhim maydonga aylangan.

Bu to‘garaklarning asosiy maqsadi – iqtidorli bolalarni aniqlash, ularning iste’dodi va mahoratini namoyon qilishiga imkon yaratish, ma’naviy saviyasini yuksaltirish, san’at va go‘zallikka bo‘lgan intilishini kuchaytirishdir. Shu bilan birga, markazda olib borilayotgan ishlar milliy san’at an’analari va yo‘nalishlarini asrab-avaylash, zamonaviy bilim va ko‘nikmalar bilan uyg‘unlashtirgan holda rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Markazning shashka va shaxmat to‘garagi bolalarning mantiqiy fikrlashi, strategik qaror qabul qilish, sabr va matonatni shakllantirishda katta ahamiyatga ega. Ko‘plab ota-onalar farzandini aynan shaxmat va shashka to‘garagiga olib kelayotgani bejiz emas – bu o‘yinlar o‘quvchilarning matematikaga, aniq fanlarga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirib, diqqat-e’tiborini oshiradi.

Bugungi kunda chet tillarni bilish va axborot texnologiyalaridan xabardor bo‘lish har qanday kasbning ajralmas qismiga aylangan. Shu bois Yoshlar markazida chet tillarini o‘rganish kurslari, AT va robototexnika mashg‘ulotlarining yo‘lga qo‘yilgani ham yoshlar uchun katta imkoniyat yaratmoqda.

Chet tillari kurslarida ingliz, rus va boshqa tillar amaliy mashg‘ulotlar asosida o‘rgatiladi, bu esa yoshlarning tilni faqat nazariy emas, hayotiy vaziyatlarda qo‘llash ko‘nikmasini ham rivojlantiradi. AT va robototexnika to‘garaklarida esa yoshlar dasturlash asoslari, sodda robot modellari bilan ishlash, zamonaviy texnologiyalar mantig‘ini tushunib bormoqda. Bu esa kelgusida IT sohasi, muhandislik, texnik yo‘nalishlarni tanlashda mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

[gallery-26683]

To‘garaklar bugun shunchaki band qilish uchun emas, balki yoshlarning iqtidorini kashf etish, ma’naviyatini boyitish, san’at va go‘zallikka bo‘lgan ehtiyojini oshirish, milliy san’at an’analari bilan zamonaviy yo‘nalishlarni uyg‘unlashtirish uchun xizmat qilmoqda. Har bir to‘garak ortida ustozlar mehnati, yoshlarning orzusi va ota-onalarning ishonchi turibdi. Eng muhimi, bu maskan yoshlar uchun ko‘ngilochar joy emas, balki o‘z ustida ishlash, yangi narsalarni o‘rganish, kelajak kasbini izlash, o‘zini sinab ko‘rish va kashf etish makoniga aylanib bormoqda.

Shunday ekan, Yoshlar markazi faoliyati nafaqat bugungi avlod, balki ertangi kunimiz taqdiriga ham bevosita ta’sir ko‘rsatadigan, yoshlar taqdiri va kelajagi bilan bog‘liq muhim ijtimoiy maydon sifatida e’tiborga loyiq.

Jamshid NORQOBILOV (surat), O‘zA