Andijonda “Men g‘olib” shiori ostida ommaviy yugurish marafoni bo‘lib o‘tdi.
Andijon shahridagi Eko park hududida bo‘lib o‘tgan marafon ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda Andijon viloyati hokimining o‘rinbosari Komiljon Komilov so‘z olib, mamlakatimizda yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, ularni sportga jalb etish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligini ta’kidlab, ishtirokchilarga omad tiladi.

Sport va sog‘lomlashtirish ishlari samaradorligini oshirish maqsadida erkaklar va qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan marafonda umumta’lim, sport maktablari o‘quvchilari, oliy o‘quv yurtlari talabalari, harbiy xizmatchilar, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari ishtirok etib, o‘zlarining jismoniy tayyorgarligi va sportga bo‘lgan qiziqishini namoyon etdi.
Marafonning yakuniy natijalariga ko‘ra, erkaklar o‘rtasida birinchi o‘rinni Andijon shahridagi harbiy qism xizmatchisi Vohid Iskandarov, ikkinchi o‘rinni Andijon davlat pedagogika instituti talabasi Dilshod G‘ofurjonov, uchinchi o‘rinni Andijon olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi o‘quvchisi Muhammadsodiq Muhammadjonov qo‘lga kiritdi.

Qizlar o‘rtasida esa birinchi o‘ringa Andijon davlat pedagogika instituti talabasi Dilshoda Usmonova, ikkinchi o‘ringa Qo‘rg‘ontepa tumani sport maktabi o‘quvchisi Nasima Mamirova, uchinchi o‘ringa Jalaquduq tumani sport maktabi o‘quvchisi Nazmina Rahimjonova sazovor bo‘ldi.

– Yoshidan qat’iy nazar sport bilan shug‘ullangan kishi hamisha sog‘lom va baquvvat bo‘ladi, – deydi marafon g‘oliblaridan biri, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sohibasi Dilshoda Usmonova. – Shu ma’noda minglab yoshlarni birlashtirgan ushbu marafon jismonan sog‘lom bo‘lishimizga yordam berish bilan birga, biz yoshlarga kuch-g‘ayrat, shijoat ulashdi.
Yakunda g‘olib va sovrindorlar, shuningdek, turli nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar tashkilotchilar tomonidan diplom hamda pul mukofotlari bilan taqdirlandi.

F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari