English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlar ma’naviyatini boyituvchi buyuk meros
15:47 / 2026-01-23

XVIII asrda yashagan turkman shoiri va mutafakkiri Mahtumquli Firog‘iyning she’rlari hozirgi kunda ham yoshlar tarbiyasida muhim ahamiyatga ega. Uning asarlari insonparvarlik, mehnatsevarlik qadriyatlari va millat birligi g‘oyalari bilan sug‘orilgan bo‘lib, turli xalq va elatlar o‘rtasida hamjihatlikni mustahkamlashda yo‘naltiruvchi haqiqiy ma’naviy xazina vazifasini bajaradi.

Guliston davlat pedagogika institutida talabalar va professor-o‘qituvchilar ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda shoir hayoti va ijodiga keng e’tibor qaratildi. Tadbir davomida talabalar she’rlardan misollar o‘qib, fikr almashdilar va “Mahtumquli Firog‘iy” badiiy filmini tomosha qilishdi. Tomosha va muhokamalar orqali shoir merosining ma’naviy muhitdagi ahamiyati yanada yaqqol namoyon bo‘ldi.

– Mahtumqulining Xivadagi Sherg‘ozixon madrasasida tahsil olgani, Alisher Navoiydek buyuk ustozlarning ta’siri va do‘st-yorlari bilan munosabatlari uning ijodiga ilhom baxsh etgani ham muhokama qilindi. Shoir o‘z asarlarida xalq dardini, millat orzu-umidlarini, birdamlik va ma’rifat g‘oyalarini sodda va ta’sirchan tilda ifoda etgan. Shu bois, uning ijodi asrlar davomida xalq qalbida yashab kelmoqda va ma’naviy boylik sifatida qadrlanadi, –  deydi tillarni o‘qitish fakulteti, O‘zbek tili va tillarni o‘qitish kafedrasi katta o‘qituvchisi, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori     Ahimjon Mardonov.

2024 yil 19 fevralda davlatimiz rahbari Mahtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi qarori bu buyuk merosga oid e’tiborni yanada oshirdi. Shuningdek, O‘zbekiston Mahtumquli asarlari eng ko‘p nashr qilinadigan va o‘qiladigan mamlakatlardan biri sifatida e’tirof etilmoqda, uning she’rlari va ular asosida yaratilgan qo‘shiqlar deyarli har xonadonga kirgan.

Mahtumquli Firog‘iy nafaqat turkiy xalqlar, balki jahon adabiyoti va madaniyatida ham alohida o‘rin egallaydi. Uning ijodi yosh avlod uchun ibrat namunasi bo‘lib, ma’naviyatga chorlovchi haqiqiy xazina hisoblanadi.

Institutda o‘tkazilgan tadbir nafaqat talabalarning ma’naviy va madaniy bilimlarini boyitishga xizmat qildi, balki ularda xalqlar o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlik rishtalarini mustahkamlash, milliy va umumbashariy qadriyatlarga e’tiborni oshirishda ham muhim rol o‘ynadi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri