French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlar ma’naviy olamida bo‘shliq vujudga kelish xavfi
17:00 / 2021-04-30

bugungi kunda internet, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlar yoshlarning izlanuvchanlik, fikriy rivojlanish, mushohada, tahlil qilish qobiliyati va xotirasining o‘tkirlik darajasini susaytirishga sabab bo‘lmoqda.

Mamlakatimizda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini jamiyatning turli jabhalariga joriy etish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ko‘rsatilayotgan xizmatlar turi kengayib, sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilishi natijasida yurtimizda internet tarmog‘idan foydalanuvchilar soni tobora oshib bormoqda. bugungi kunda O‘zbekistonda internet xizmatidan foydalanuvchilar soni 22,1 milliondan oshdi. Shundan mobil internet foydalanuvchilari soni 19 millionni tashkil etmoqda. Mamlakat bo‘yicha aholi punktlarining mobil aloqa bilan qamrab olinishi darajasi 97 foizni, mobil internet qamrovi esa 87 foizni tashkil etmoqda.
 

Buning natijasida mamlakatimizda aholi, ayniqsa, yoshlarning axborot resurslardan, jumladan, internet tarmog‘idan foydalanish imkoniyati kengaymoqda. Ta’lim sohasida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining keng qo‘llanilayotgani e’tiborga molik. Bu navqiron avlodga jahon andozalari darajasida ta’lim berish, ularni har tomonlama barkamol insonlar etib tarbiyalashda muhim omil bo‘lmoqda.

Ushbu jarayonda oldimizda turgan muhim vazifaning ahamiyati tobora oshib bormoqda. Xususan, bugungi globallashuv jarayonida inson ma’naviyatiga qarshi yo‘naltirilgan axborotlar, ularning salbiy oqibatlaridan yoshlarimizni himoya qilish, internetdan axborot olish, axborot almashish borasidagi tizimli ishlarni yanada jadallashtirish shular jumlasidandir.

Bu jarayonda axborot xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan eng muhim vazifalar haqida so‘z borar ekan, bunda yoshlarimizda axborot olish madaniyatini shakllantirish, ularni g‘oyaviy-mafkuraviy tajovuzlardan himoyalash mexanizmlarini takomillashtirish masalalari doimiy diqqat markazimizda bo‘lmog‘i lozim. Xususan, yoshlarda internet tarmog‘idan foydalanganda madaniyat va axloq me’yorlariga rioya qilishni, mafkuraviy immunitetni kuchaytirish, jumladan, internet tarmog‘iga axborotni joylashtirish, tarqatish, izlash, foydalanish kabi xususiyatlarni o‘z ichiga olgan axborot xavfsizligi va internet madaniyatini mukammal o‘zlashtirishlarini hamda bu boradagi tegishli huquqiy va tashkiliy tavsiyalarni yanada takomillashtirish davr talabi bo‘lib kelmoqda. Yoshlarni nafaqat yangi texnologiyalar bo‘yicha o‘qitish va ulardan foydalanish qobiliyatini shakllantirish, ayni chog‘da ana shunday texnologiyalarni yaratish va takomillashtirishda ularning keng ishtirokini ta’minlash mas’ul tashkilotlarning ustuvor vazifalaridan biri ekanligini ham alohida ta’kidlash joiz.

Dunyoda kechayotgan murakkab jarayonlar barchamizdan yoshlar tarbiyasiga yanada e’tiborliroq bo‘lishni taqozo etmoqda. Bu jarayonda esa nafaqat davlat tashkilotlari yoki ta’lim muassasalari, balki NNTlar va fuqarolik jamiyati institutlari, xususan, ota-onalar ham faol ishtirok etishi bugungi kun talabidir. Binobarin, globallashuv davrida axborotlar oqimi bois yoshlar keng bilimga ega bo‘libgina qolmay, tobora kuchayib borayotgan ma’naviy tahdid va xatarlarga duch kelayotir, ularni axborot xurujlaridan asrash borasida katta yoshdagilarning mas’uliyatini oshirish zarurligi bugungi kun tartibidagi masalalardan sanaladi.

Albatta, mamlakatimizda bu kabi salbiy omillarning oldini olish choralari ko‘rilmoqda. Bu borada kuchli mexanizmga ega qonunchilik bazasi ham mavjud.

Qolaversa, shu yilning 26 mart kuni Prezidentimiz «Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi. Mazkur hujjat bilan ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi. Xususan, ezgulik va insonparvarlik tamoyiliga asoslangan «Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari» g‘oyasini keng targ‘ib etish orqali jamiyatda sog‘lom dunyoqarash va bunyodkorlikni umummilliy harakatga aylantirish, oila, ta’lim tashkilotlari va mahallalarda ma’naviy tarbiyaning uzviyligini ta’minlash, aholining Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanish madaniyatini oshirish, g‘oyaviy va axborot xurujlariga qarshi mafkuraviy immunitetini kuchaytirish borasidagi vazifalar belgilandi. Shuningdek, geosiyosiy va mafkuraviy jarayonlarni muntazam o‘rganish, terrorizm, ekstremizm, aqidaparastlik, odam savdosi, narkobiznes va boshqa xatarli tahdidlarga qarshi samarali g‘oyaviy kurash olib borish hamda bu borada xalqaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, el-yurt taqdiriga loqaydlik, mahalliychilik, urug‘-aymoqchilik, korrupsiya, oilaviy qadriyatlarga bepisandlik va yoshlar tarbiyasiga mas’uliyatsizlik kabi illatlarga barham berishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rsatildi.

Yana bir e’tiborli jihat, 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim tizimining tegishli ta’lim yo‘nalishlari o‘quv rejalariga bakalavriat bosqichida «Ma’naviyatshunoslik», magistratura bosqichida «Kasbiy ma’naviyat» fanlari kiritilishini hamda magistratura ta’lim bosqichida “PR-menejer» mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlanishi yo‘lga qo‘yiladi. Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi huzurida yuridik shaxs maqomisiz Ma’naviyat va ijodni qo‘llab-quvvatlash maqsadli jamg‘armasi tashkil etiladi. Moliya vazirligi 2021 yilda Jamg‘armaga 120 mlrd. so‘m ajratadi.

Shu o‘rinda alohida ta’kidlash joizki, jahon axborot maydoni tobora kengayib borayotgan shunday bir sharoitda yoshlar ongini o‘rab-chirmab, uni o‘qima, buni ko‘rma deb bir tomonlama tarbiya berish, ularning atrofini temir devor bilan o‘rab olish hech shubhasiz zamonning talabiga ham bizning ezgu maqsad muddaolarimizga ham to‘g‘ri kelmaydi.

Shu nuqtai nazardan, o‘tgan yillar davomida o‘sib kelayotgan yosh avlodning ma’naviy yuksalishi, axborotga bo‘lgan huquqlarini ro‘yobga chiqarish, axborot erkinligini ta’minlash maqsadida zarur texnologik sharoitlar va huquqiy kafolatlar yaratildi. Har kimning fikrlash va so‘z erkinligi, o‘zi istagan axborotni izlashi, olishi, uni tarqatish borasidagi konstitutsiyaviy normalar milliy qonunlarimizda rivojlantirildi. Shuningdek, xalqaro axborot tarmoqlari va Internet jahon axborot tarmog‘idan erkin foydalanish uchun sharoit yaratilishini e’tirof etuvchi normalar qonunlarimizda o‘z aksini topdi.

Biroq, hozirgi zamon axborot tizimi uning, juda keng imkoniyatlaridan kelib chiqib aytish mumkinki, O‘zbekistonda axborot olish, saqlash, foydalanish va tarqatishning umumiy manfaat va umumiy taraqqiyot nuqtai nazaridan boshqaruv mexanizmini yaratish, uning mohiyati va unsurlarini chuqur anglash zarur bo‘lib qolmoqda. Ana shu hayotiy ehtiyojdan kelib chiqib axborot sohasida milliy xavfsizlikni ta’minlash tizimini kuchaytirish lozim. Xususan, axborot olish va tarqatish jarayonida jamiyat taraqqiyotining axborotini ijtimoiy voqelik sifatidagi rolidan kelib chiqib, jamiyatda shakllanayotgan ijtimoiy ong yo‘nalishlari ijtimoiy tafakkur darajasi va uning oqimlarini o‘rganishni yo‘lga qo‘yish kerak. Aholi turli qatlamlari, qarashlari, kasbiy va boshqa ijtimoiy holatlari asosidagi fikrlash tarzini aniqlab borish zarur.

Axborot psixologik xavf avj olayotgan bir paytda, turli buzg‘unchi g‘oyalar inson ongi va tafakkuriga o‘z ta’sirini o‘tkazayotgan bir sharoitda siyosiy mojarolar kelib chiqish mumkin bo‘lgan manbalarni o‘rganish, omillarini aniqlash hamda siyosiy qarashlari, ruhiyati, ijtimoiy-siyosiy psixologik izchil ravishda o‘rganib borilmog‘i maqsadga muvofiq.

Shuningdek, ta’lim muassasalarda, xususan, boshlang‘ich ta’limdan boshlab yoshlarga internetdan foydalanish borasidagi ma’naviyat soatlarini uzliksiz, davomli tarzda o‘qitishni yo‘lga qo‘yish ham ijobiy samaralarni berishi mumkin. Shu bilan birga, o‘quvchilarning internetdan, jumladan, ijtimoiy tarmoqlardan maqsadli foydalanish borasidagi shaxsiy javobgarligini kuchaytirish kerak.

Xulosa o‘rnida aytganda, farzandlarimizning ma’naviy olamida bo‘shliq vujudga kelmasligi uchun ularning qalbi va ongida sog‘lom hayot tarzi milliy va umummilliy qadriyatlarga hurmat-ehtirom tuyg‘usini har doim shakllantirishimiz, bundan davlat, ham jamiyat, ayniqsa, ota-onalar ko‘proq manfaat ko‘rishi mumkinligini har bir oilaga turli targ‘ibot tadbirlari orqali yetkazishimiz zarur. Zero, inson ma’naviyatiga qarshi yo‘naltirilgan bir qarashda arzimas bo‘lib tuyuladigan kichkina xabar ham axborot olamidagi globallashuv shiddatidan kuch olib, ko‘zga ko‘rinmaydigan, lekin zararini hech narsa bilan qoplab bo‘lmaydigan ulkan ziyon yetkazishi mumkinligini unutmaylik.

Sobir TURSUNOV,
pedagogika fanlari doktori