Toshkent shahridagi I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti filialining akademik litseyida talaba yoshlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Boriy Alixonov, Olga Litvinova, shuningdek, mahalliy Kengash deputatlari ishtirok etdi.

Tadbirda dastlab Prezidentimiz Murojaatnomasida belgilab berilgan vazifalar, 2026 yilga mo‘ljallangan Davlat dasturi hamda 2030 yilgacha mo‘ljallangan strategiya loyihasining mazmun-mohiyati, unda yoshlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar haqida atroflicha ma’lumot berildi. Shuningdek, ta’lim sifatini oshirish, bandlik, innovatsiyalar, yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash kabi masalalarga alohida to‘xtalib o‘tildi.
O‘z navbatida, yoshlarni qiziqtirgan savollariga batafsil javoblar qaytarildi.
****
Qonunchilik palatasi deputati Vasila Fayziyeva Uchtepa tumanidagi 194-sonli maktab faoliyati bilan tanishdi.
Deputat Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik (CHQBT) fanining o‘qitilish jarayonini o‘rgandi. Fan o‘qituvchilari bilan suhbatda bugun yoshlarni nafaqat harbiy-vatanparvarlik, balki milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, ularning ongiga tinchlik va totuvlikni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash zarurligini singdirish muhim ekanligini alohida ta’kidladi.

Shuningdek, deputat tumandagi 78-sonli umumta’lim maktabida ham bo‘lib, maktabda olib borilayotgan dars jarayonlari, o‘quvchilarning ta’limga qamrovi hamda mashg‘ulotlarda ishtirok etish faolligi bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, bitiruvchi sinflarda tahsil olayotgan o‘g‘il bolalarning chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik mashg‘ulotlari holati, ularning jismoniy va harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalanishi masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Mazkur maktabda “Vatan tayanchi” otryadi tashkil etilgan bo‘lib, uning faoliyati chaqiruvga qadar boshlang‘ich ta’lim fanini o‘qitish bilan uzviy bog‘langan. Deputat otryad a’zolari bilan yuzma-yuz suhbatlashdi, mavjud sharoitlar, mashg‘ulotlarning sifati va samaradorligini oshirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar muhokama qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA