Mamlakatimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, muammolarni hal etish, o‘z imkoniyat va salohiyatlarini yuzaga chiqarishlariga ko‘maklashish, doimiy daromad manbaini shakllantirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Hozirda Andijon viloyati aholisining 1 million 855 ming nafarini o‘ttiz yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi. Butun mamlakatimizda bo‘lgani kabi Andijonda ham yoshlarni qo‘llab-quvvatlash uchun keng imkoniyatlar eshigi ochilgan[PT1] . Yil boshidan viloyatdagi mahallada yoshlar yetakchilari tomonidan xatlov o‘tkazilib, ishsiz yoshlar ro‘yxati shakllantirildi. Yoshlarning bandligini ta’minlash maqsadida har bir mahalla bo‘yicha “Yoshlar bandlik dastur”lari ishlab chiqildi.
– Joriy yilning birinchi yarimida 23 ming 822 nafar ishsiz yoshning bandligi ta’minlandi, – deydi Yoshlar ishlari agentligi Andijon viloyati boshqarmasi boshlig‘i Akmaljon Tangirqulov. – Xususan, ularning 7 ming 130 nafari korxona, tashkilot va muassasalardagi doimiy ish o‘rinlariga joylashtirildi, o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘ygan 3 ming 681 nafar yoshga kredit ajratildi, 12 ming 545 nafar yoshlar turli sohalarda o‘zini-o‘zi band qildi. Bundan tashqari, dehqonchilik qilish istagidagi yoshlarga ijara asosida yer maydonlari, turli jihozlar xarid qilish uchun subsidiyalar ajratildi, yana bir guruh yoshlar qonuniy tartiblar asosida xorijga ishga yuborildi.
[gallery-24446]
Andijonda yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu o‘rinda alohida ta’kidlash kerakki, viloyatda faoliyat olib borayotgan jami tadbirkorlik sub’ektlarining 215 ming 15 tasi, yakka tartibdagi tadbirkorlarning 5 ming 787 nafarini 30 yoshgacha bo‘lgan tadbirkorlar tashkil etadi. Bundan tashqari, yuridik shaxs sifatida faoliyat olib borayotgan viloyatdagi jami tadbirkorlik sub’ektlarining 29 ming 553 tasiga yoshlar rahbarlik qilib kelmoqda.
– Korxonamizda joriy yilning birinchi yarimida 180 ming donadan ziyod ayollar, bolalar trikotaj mahsulotlari tayyorlandi. Hozirda korxonada 80 nafarga yaqin kishi mehnat qilayotgan bo‘lsa, ularning aksariyatini yoshlar tashkil etadi. Mahsulotimiz asosan, ichki bozorda sotilmoqda. Shu kunlarda rossiyalik hamkorlar bilan eksport bo‘yicha shartnoma imzoladik. Nasib etsa, sentyabr oyidan mahsulotlarimizni eksport qila boshlaymiz, – deydi Marhamat tumani, Guliston mahallasida joylashgan “Rayyoona-tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari, tadbirkor Shohruhbek Halimjonov.
Jumladan, viloyatda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 8 ming 979 nafar yoshga 126,9 milliard so‘mlik imtiyozli kredit berildi. “Biznesga birinchi qadam” dasturi doirasida esa 2 ming 766 nafar yoshga 71,6 milliard so‘m kredit ajratildi.
– “Biznesga birinchi qadam” dasturi doirasida bank krediti hisobiga to‘rtta tikuv mashinasi sotib olib, xonadonimda o‘z tadbirkorligimni boshlaganman, – deydi Paxtaobod tumani Muazzinboy mahallasida yashovchi yosh tadbirkor Maftuna Ergasheva. – Ikki nafar ayolni ish bilan ta’minladim. Bundan tashqari, mahallamizdagi hunar o‘rganishga qiziqadigan o‘n nafarga yaqin qizlar “Ustoz-shogird” an’anasi asosida hunar o‘rganmoqda. Yurtimizda yosh tadbirkorlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va ko‘makdan foydalanib, o‘z biznesimni boshlaganimdan, nafaqat o‘zim, balki bir necha yoshning ishlab, doimiy daromad topishiga ko‘maklashayotganimdan xursandman.
Bir so‘z bilan aytganda, Andijon viloyatida yoshlar bandligini ta’minlashga qaratilgan ijobiy ishlar izchil davom etmoqda. Bu, avvalo, yoshlar daromadini oshirishga, ularning turmush farovonligini yuksaltirishga, pirovardida mamlakatimiz taraqqiyotini yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlari.