Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda har haftaning payshanba kuni “Yoshlar kuni” sifatida belgilanishi kelajak egalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, axborot xurujlaridan ogoh bo‘lish masalalariga alohida e’tibor qaratishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur tashabbus doirasida Milliy gvardiya hamda Ichki ishlar vazirligi xodimlari tomonidan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti akademik litseyida yoshlarni kasbga yo‘naltirish va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan tadbir tashkil etildi.

Milliy gvardiya va Ichki ishlar organlarining mutasaddi vakillari, soha mutaxassislari hamda litseyning o‘quvchi-yoshlari ishtirok etgan tadbirda yurtimizda tinchlik va jamoat xavfsizligini ta’minlash yo‘lida faoliyat yuritayotgan tizimlarning ish tartibi, ularning vazifalari, O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti hamda Ichki ishlar vazirligi akademiyasiga o‘qishga kirish tartibi, qabul jarayonlari, talab etiladigan hujjatlar, jismoniy va ma’naviy-ruhiy tayyorgarlik talablari haqida tushuntirishlar berildi.
Uchrashuvda bunday tadbirlar yoshlarni kasbga yo‘naltirishda, Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashda hamda huquqbuzarliklarning oldini olishda xizmat qilishi ta’kidlandi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA