Prezidentimizning yoshlar bilan bo‘lib o‘tgan muloqotida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ular bilan ishlash borasida bir qator taklif-tashabbuslar ilgari surilgan edi.
Xususan, mamlakatimizda har haftaning payshanba kuni vazirlik, idora va hokimliklarda “Yoshlar kuni” bo‘lishi belgilandi. Shu kuni sohaga mas’ul rahbarlar mahalla, maktab va texnikumlarga borib, yoshlarni eshitishi va muammosini hal qilishi zarurligi aytildi.

Mazkur vazifalardan kelib chiqib, Buxoro davlat universiteti Qorako‘l akademik litseyida "Yoshlar kuni" doirasida o‘quvchi yoshlar bilan uchrashuv tashkil qilindi. Unda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning yutuqlarini munosib rag‘batlantirish, ilmiy-tadqiqot faoliyatiga jalb etish, xalqaro fan olimpiadalari qamrovini oshirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Uchrashuvda akademik litsey direktori G‘olibjon Jumaqulov bugungi kunda mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati doirasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani, yoshlar uchun qator imkoniyat va imtiyozlar taqdim etilayotganini alohida ta’kidladi.

Bunga javoban yoshlar zamonaviy bilimga ega bo‘lishi, vatanparvarlik ruhida tarbiyalanishi va jamiyat rivoji uchun hissa qo‘shishi lozimligi qayd etildi. Har bir yosh o‘z oldiga katta maqsad qo‘yib, bilim va mehnat orqali yurt taraqqiyotiga xizmat qilishi kerakligi uqdirildi.
Uchrashuv davomida o‘quvchi- yoshlarning ham fikr va takliflari tinglandi, o‘quvchilar o‘rtasida bilimlarni sinovdan o‘tkazishga qaratilgan qiziqarli o‘yinlar tashkil qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA