Andijon shahar pedagogika kollejida “Yoshlar ma’naviyati va kiyinish madaniyati” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Andijon shahar hokimligi, Respublika ma’naviyat-targ‘ibot markazi viloyat bo‘limi hamkorligida o‘tkazilgan mazkur tadbirda kollej o‘qituvchilari, o‘quvchi yoshlar ishtirok etib, yoshlar ma’naviyati va kiyinish madaniyatini yuksaltirish, “ommaviy madaniyat” ko‘rinishidagi salbiy illatlar ta’siriga tushib qolishlarining oldini olish, ularning faolligi va huquqiy bilimlarini yuksaltirish masalalari xususida fikr almashildi.

Tadbirda Andijon shahar bosh otinoyisi Azizaxon Ziyayeva, Respublika ma’naviyat markazi targ‘ibotchisi Madina Mamajonova so‘z olib, kiyinish odob-axloqi, yoshlarning bu boradagi burch va mas’uliyati haqida gapirdi.
Tadbirda o‘quvchi qizlar kiyinish borasidagi fikr-mulohazalari bilan faol ishtirok etdi.

Davra suhbatida mazkur yo‘nalishdagi ishlarni samarali tashkil etish, xususan, o‘quvchi yoshlarda yuksak axloqiy-ma’naviy fazilatlarni boyitish, ularda turli yot g‘oyalar, “ommaviy madaniyat” ko‘rinishlariga qarshi ma’naviy immunitetni shakllantirish, internet ma’lumotlaridan to‘g‘ri va o‘rinli foydalanish, shuningdek, kiyinishda belgilangan tartiblarga rioya etish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UmrZOQOV (surat),O‘zA