Toshkent kimyo-texnologiya institutining Yangiyer filialidagi Axborot-resurs markazi hamda Alisher Navoiy nomidagi Sirdaryo viloyat Axborot-kutubxona markazi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mazkur tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 7 iyundagi «O‘zbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishni yanada takomillashtirish to‘g‘risida» gi qarorining talablari asosida, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib etish, ularning ma’naviy dunyoqarashini boyitish va mutolaa madaniyatini rivojlantirish maqsadida amalga oshirildi.

Hamkorlik doirasida “Kitob yarmarkasi”, “Kitobxonlik kunlari”, “Yoshlar va kitob”, “Buyuk mutafakkirlar hayotidan saboqlar” kabi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, “Eng namunali kitobxon talaba”, “Eng yaxshi kitobxon o‘qituvchi” va “Eng yaxshi kitobxon rahbar” tanlovlari orqali kitobga muhabbat va mutolaaga qiziqishni kuchaytirish ko‘zda tutilgan.
– Kitob — bilim va ma’naviyat manbai. Yoshlar o‘rtasida kitobxonlik muhitini yaratish, ularni mustaqil fikrlash va izlanishga undash – bugungi ta’lim tizimining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir, – deydi Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filiali direktori Zafar Hakimov. – Ushbu hamkorlik yoshlarning intellektual salohiyatini oshirish, ularda mutolaaga muhabbatni kuchaytirishga xizmat qiladi.

Alisher Navoiy nomidagi Sirdaryo viloyat Axborot-kutubxona markazi direktori Muxiddin Tashtanov ham mazkur hamkorlik yoshlar ma’naviyatini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Memorandum doirasida axborot va elektron resurslar almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi, kutubxona fondlari boyitiladi hamda talabalar uchun zamonaviy elektron kutubxona xizmatlari joriy etiladi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri