O‘zbekiston dunyoning 200ga yaqin mamlakatlari parlamentariylarining eng yirik muloqot maydoni – Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley assambleyasiga mezbonlik qildi.
Markaziy Osiyo mintaqasida ilk marta o‘tkazilgan mazkur xalqaro tadbir mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida muhim tarixiy voqea sifatida muhrlandi.
Bugungi kunda dunyodagi murakkab vaziyatda parlamentlarning roli beqiyosligi siyosiy maydonlarda o‘z isbotini topmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Assambleyadagi nutqida bu muhim masalalarga e’tibor qaratildi.

Xususan, tinchlik va xavfsizlik, vakillik diplomatiyasi, ijtimoiy taraqqiyot va adolat, ta’lim, davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashda parlamentlar mustahkam do‘stlik ko‘prigi, qolaversa, odamlarning dardu tashvishi va muammolarini hal etishga qodir bo‘lgan qudratli kuch ekani ta’kidlandi.
Prezidentimizning nutqidagi eng muhim masalalardan biri sun’iy intellekt sohasida tizimli hamkorlikni kuchaytirish haqida bo‘ldi. Sun’iy intellekt bugungi kunda hayotimizning barcha sohalariga kirib kelmoqda va uning etikasi bilan bog‘liq masalalar ham o‘z yechimini kutmoqda. Sun’iy intellektdan foydalanish etikasi bo‘yicha model qonun ishlab chiqish bu borada muhim qadam bo‘ladi.
Davlatimiz rahbarining nutqidagi yana bir muhim jihat – parlamentlar faoliyatiga yoshlarni faol jalb etish haqidagi fikrlari meni, oliy ta’lim o‘qituvchisi sifatida juda quvontirdi.
Chunki, yoshlar – kelajagimizning quruvchilari, jamiyatimizning ertangi kunini belgilovchi kuch. Ularning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, ularga o‘z fikrlarini bildirish, jamiyatda faol ishtirok etish imkoniyatini berish bu bizning muqaddas burchimizdir.

Yoshlarni parlamentlar faoliyatiga jalb etish, siyosiy jarayonlarga qo‘shish, o‘zlarini siyosiy jarayonlarda ishtirokchi deb his qilishlariga imkon berish kelajakda o‘g‘il-qizlarning mas’uliyatli fuqarolar bo‘lib yetishishiga xizmat qiladi.
Parlamentlararo Ittifoq tizimi doirasida Yoshlar parlamentlari global platformasini tashkil etish va uning ta’sis forumini O‘zbekistonda o‘tkazish taklifi esa yoshlarning jahon miqyosidagi siyosiy jarayonlarda faol ishtirok etishiga imkon beradigan muhim qadam bo‘ladi.
Bu platforma yoshlarga o‘z fikrlarini bildirish, muammolarni muhokama qilish, yechimlar topish va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish uchun ajoyib imkoniyat yaratadi.
Yoshlarning parlamentlardagi ishtiroki faqatgina ularning huquqlarini himoya qilish emas, balki jamiyatning rivojlanishiga ham katta hissa qo‘shadi. Ularning yangi g‘oyalari, innovatsion yondashuvlari, jamiyatdagi muammolarga nisbatan yangicha qarashlari jamiyat rivojini tezlashtirishga xizmat qiladi.
Shuning uchun, yoshlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, ularni siyosiy jarayonlarga jalb etish, parlamentlardagi ishtirokini ta’minlash barchamizning muhim vazifamiz. Shuning uchun biz hozirdanoq har bir dars mashg‘ulotlarida talabalarning siyosiy bilimini oshirib borishimiz, ular ongida ko‘nikmalar hosil qilishimiz kerak.

Dars mashg‘ulotlari faqatgina o‘quv materiallarini o‘rganish maydoni emas, balki yoshlarning ongini shakllantirish, ularning dunyoqarashini kengaytirish, siyosiy bilimlarini oshirish uchun beqiyos imkoniyat.
Har bir dars mashg‘ulotida talabalarning siyosiy bilimini oshirish uchun biz turli usullardan foydalanishimiz mumkin. Masalan, muhokamalar, debatlar, loyihalar, taqdimotlar orqali talabalarning siyosiy ongini shakllantirish, mustaqil fikrlash qobiliyatini rivojlantirish, siyosiy jarayonlarda faol ishtirok etishga o‘rgatish mumkin.
Shuningdek, talabalarni siyosiy tadqiqotlarga jalb etish, parlamentlar faoliyati bilan yaqindan tanishtirish, siyosiy partiyalarning dasturlarini o‘rganish, siyosiy tahlil qilish ko‘nikmalarini rivojlantirish ham yoshlarning siyosiy bilimini oshirishga xizmat qiladi.
Biz, oliy ta’lim o‘qituvchilari, yoshlarning siyosiy bilimini oshirish, ular ongida mas’uliyatli fuqarolik ko‘nikmalarini shakllantirish, jamiyat rivojiga hissa qo‘shishga tayyorlash uchun barcha imkoniyatlarni ishga solamiz. Shu yo‘l bilan kelajakda mas’uliyatli, bilimli, vatanparvar yoshlarni tarbiyalab, jamiyatimizning ravnaqiga xizmat qilamiz.
Dilrabo Shodiyeva, Termiz davlat universiteti o‘qituvchisi.