Yoshlar – har qanday millatning kelajagi, taraqqiyot poydevori. Ertangi jamiyatni qurishga mas’ul bo‘lgan avlod. Ana shu mas’uliyat sabab yurtimizda yoshlarga doir davlat siyosati yangi bosqichga ko‘tarildi. Yoshlarga har sohada keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Ular uchun ta’lim, startap loyihalar, raqamli texnologiyalar va xalqaro tajriba almashinuvi kabi sohalarda keng yo‘l ochilmoqda. Albatta, ularga berilayotgan bunday imkoniyatlar yoshlarni taraqqiyot jarayonining faol ishtirokchisiga aylantiradi.
Shuningdek, 2017 yildan buyon mamlakatimizda “Yoshlar kuni” har yili keng miqyosda, an’anaviy tarzda nishonlanadi. Shu munosabat bilan Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasida Respublika Turkman madaniyat markazi tomonidan 30 iyun – “Yoshlar kuni” munosabati bilan “Yoshlar – kelajak bunyodkori!” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirda Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Qahramon Sariyev hamda
Respublika Turkman madaniyat markazi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi deputati Guldana Avezdurdiyeva mamlakatimizdagi faol turkman yoshlari va ularning erishayotgan yutuqlari haqida so‘z yuritdi.
Mazkur tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad yoshlarning kelajak bunyodkorlari sifatidagi o‘rnini mustahkamlash, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash, shuningdek, turli millatlar yoshlari o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlashdan iborat.
Davra suhbatida turli sohalarda faoliyat yuritayotgan yoshlar o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi, jamiyatdagi roli va mas’uliyati haqida fikr almashdi. Shuningdek, yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, ularning ta’lim, sport, kitobxonlik va san’at sohalaridagi yutuqlari hamda kelajakdagi vazifalar muhokama qilindi.
Tadbirda, shuningdek, Respublika Turkman madaniyat markazining faol a’zolari – “Yosh kitobxon” tanlovining Respublika bosqichi g‘olibi Oguljeren Xaldurdiyeva, sportning grek-yunon turi bo‘yicha Osiyo chempionlari hamda ularning murabbiylari so‘zga chiqib, tengdoshlarini bayram munosabati bilan muborakbod etib, tengdoshlarini ham mamlakat taraqqiyotiga hissa qo‘shishda faollikka chorladi.
Muloqot yakunida Respublika Turkman madaniyat markazi tadbirlarida faol ishtirok etib kelayotgan yoshlar “Tashakkurnoma” va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/RXo2ysl6yGA?si=UE3fCktXLlmHuUI5" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>N.Rahmonova,
N.Abduvoitov (video),
U.To‘xtayev (montaj), O‘zA