“Dolzarb – 90 kunlik”
Mamlakatimizda o‘sib kelayotgan o‘g‘il-qizlarga ta’lim-tarbiya berish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va kasb-hunar o‘rganish imkoniyatlarini kengaytirish borasida izchil ishlar olib borilmoqda.
Namangan viloyat hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Otabek Bozorov, maktabgacha va maktab ta’limi, oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmalari rahbarlari, shuningdek, kasbiy ta’lim muassasalari direktorlari ishtirokida Namangan shahridagi 2-sonli politexnikumda seminar o‘tkazildi.

Unda “Dolzarb – 90 kun” tadbirlari doirasida olib borilayotgan ishlar muhokama qilinib, yozgi ta’til davrida umumta’lim maktablarining 8 mingdan ortiq 8-10-sinf o‘quvchilarini viloyatdagi 51 ta texnikumdagi kasb va xorijiy til to‘garaklarga jalb etish bo‘yicha rejalar belgilandi.
Shuningdek, seminarda 2-son politexnikumida faoliyat olib borayotgan to‘garaklar tajribasini boshqa shahar va tumanlarda ham joriy etish, bu borada targ‘ibot ishlarini kuchaytirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Ayni shu maqsadda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Namangan viloyati boshqarmasiga biriktirilgan Davlatobod tumanidagi 80-sonli umumta’lim maktabining 8-11-sinf o‘quvchi qizlari o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazilib, tikuvchilikka qiziqishi yuqori bo‘lgan 25 nafar o‘quvchi aniqlanib, ular hududdagi “Mustafo sewing” mas’uliyati cheklangan jamiyatda haq to‘lanadigan amaliyotni boshladi.

Dastlab, o‘quvchilar korxona faoliyati, ish jarayonlari hamda mehnat va texnika xavfsizligi qoidalari bilan yaqindan tanishtirildi. Qizlar tajribali mutaxassislarga ustoz-shogird an’anasi asosida biriktirildi.
Korxona rahbari Husanboy Dadaxonov tashabbusi bilan amaliyot ishtirokchilari o‘rtasida tanlov e’lon qilinib, unga ko‘ra, eng faol va tirishqoq uch o‘quvchi qimmatbaho sovg‘alar bilan mukofotlanadi. Bunday tashabbuslar o‘quvchi yoshlar uchun nafaqat amaliy ko‘nikma maktabi, balki kelajakda o‘z kasbini topishiga xizmat qiladi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.