O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy bosh qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 13 yanvar kuni Xavfsizlik kengashining mamlakatimiz harbiy xavfsizligi va mudofaa salohiyatini mustahkamlash masalalariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishda davlatimiz mudofaa tizimini yanada takomillashtirish, Qurolli Kuchlar faoliyatini zamon talablari asosida rivojlantirish hamda yoshlarni harbiy xizmat orqali hayotga tayyorlash masalalari muhokama qilindi.
Unda davlatimiz rahbari muddatli harbiy xizmatning mazmun-mohiyatini tubdan qayta ko‘rib chiqish zarurligini alohida ta’kidladi. Davlat rahbarining qayd etishicha, harbiy xizmat endilikda faqat jismoniy chiniqish va harbiy tayyorgarlik bilan cheklanib qolmay, balki yoshlarning jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga xizmat qiladigan muhim hayotiy bosqichga aylanishi lozim.

Prezident muddatli harbiy xizmatni yoshlarni mehnat bozoriga tayyorlash, ularda mustaqil kasb va malaka shakllantirish uchun muhim imkoniyat sifatida ko‘rish zarurligini ta’kidladi. Bu yondashuv yoshlarning xizmatdan keyingi hayotiga mustahkam poydevor yaratishga qaratilgan.
Yig‘ilishda muhim vazifa sifatida armiyada xizmat qilayotgan yoshlar kamida bitta kasb egasi bo‘lib chiqishini ta’minlaydigan mutlaqo yangi tizim yaratish topshirig‘i berildi. Bu orqali harbiy xizmatchilar xizmatni tugatgach, mehnat bozorida raqobatbardosh bo‘lishi, o‘z kasbi orqali daromad topish imkoniyatiga ega bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda.

Shuningdek, muddatli harbiy xizmatchilarning xizmatdan so‘ng bandligini ta’minlash masalasi dolzarb vazifa sifatida belgilandi. Bu tashabbus yoshlar o‘rtasida ishsizlikning oldini olish, ularning ijtimoiy moslashuvini yengillashtirish hamda jamiyatda faol o‘rin egallashlariga xizmat qiladi.

Mazkur topshiriqlar ijrosini samarali tashkil etish maqsadida respublika Ishchi guruhi tuzildi. Ushbu guruh tarkibiga tegishli vazirlik va idoralar, ta’lim muassasalari hamda mutaxassislar jalb etilgan bo‘lib, ular harbiy xizmat davomida kasbga o‘qitish, sertifikatlash va keyingi bandlik mexanizmlarini ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi.

Hozirgi kunda respublika Ishchi guruhi a’zolari Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida o‘z faoliyatini boshlagan. Hududlarda olib borilayotgan ishlar davomida harbiy qismlarning mavjud infratuzilmasi, yoshlarning qiziqishlari hamda hududiy mehnat bozori ehtiyojlari o‘rganilmoqda.
Ushbu tashabbuslar nafaqat yoshlar kelajagi, balki mamlakatning uzoq muddatli harbiy va ijtimoiy xavfsizligi uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi. Kasb-hunar egallagan, hayotga tayyor, intizomli va vatanparvar yoshlar kuchli armiyaning ham, barqaror jamiyatning ham tayanchidir.
Sohada amalga oshirilayotgan ushbu islohotlar muddatli harbiy xizmatni chinakam hayot maktabiga aylantirishga, yoshlarning salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishga va ularni mamlakat taraqqiyotiga faol jalb etishga xizmat qiladi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri