Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlar jinoyatchiligining omillari ilmiy yondashuvlar asosida o‘rganilmoqda
15:22 / 2023-10-19

Mamlakatimizda yosh avlodni barkamol qilib tarbiyalash, ularning hayotga mustaqil qadam qo‘yishlari uchun barcha zarur sharoitlarni yaratishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Yoshlarni madaniyat, san’at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularning axborot texnologiyalari bo‘yicha savodxonligini oshirish, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, xotin-qizlar bandligini ta’minlash vazifalarini o‘z ichiga olgan beshta muhim tashabbus amalga oshirilmoqda.  

“O‘zbekiston – 2030" strategiyasida esa yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini kamida 50 foizga yetkazish, yoshlarning zamonaviy kasblar bilan mashg‘ul bo‘lishini ta’minlash uchun har bir viloyatda bittadan “kreativ park”lar faoliyatini tashkil etish, ularga yiliga kamida 40 ming nafar yoshlarni jalb qilish, maktab bitiruvchilarining kamida ikkita xorijiy til va bitta kasb egallashini ta’minlash, ilmiy va innovatsion faoliyat, intellektual o‘yinlar hamda chet tillarini o‘rganishga jalb etish orqali kamida 2 million nafar yoshlarning iqtidorini rivojlantirish kabi maqsadlar belgilangan.  

Yoshlar masalasida ijobiy o‘zgarishlar ko‘p. Ammo guruch kurmaksiz bo‘lmaydi deganlaridek, afsuski, bu borada salbiy ko‘rsatkichlar ham yo‘q emas. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yilda respublikamizda jami jinoyatlarning qariyb 37 foizi yoshlar tomonidan sodir etilgan. Yoshlarning jinoyat yo‘liga kirishiga nima sabab bo‘lmoqda, ta’lim va tarbiyada qanday kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganki yoshlarimiz jinoyatga qo‘l urmoqda?  

O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi professor-o‘qituvchilari tomonidan mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda respublikamizning barcha hududlarida jinoyatchilikning, shu jumladan, yoshlar jinoyatchiligining sabab va shart-sharoitlari o‘rganilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha ilmiy va amaliy asoslangan yangi yondashuvlar ishlab chiqilmoqda.  

Xususan, Surxondaryo viloyatida IIV Akademiyasi, Yoshlar ishlari agentligining Surxondaryo viloyat boshqarmasi hamda Termiz shahar prokuraturasi hamkorligida yoshlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlarning omillari ilmiy yondashuvlar asosida tahlil qilindi hamda Termiz shahridagi Yoshlar markazida viloyat yoshlar yetakchilari ishtirokida muhokama qilindi.  

O‘rganishlar va tahlillar oiladagi nosog‘lom muhit, ta’lim muassasalaridagi tarbiyaviy jarayonlarning yetarlicha yo‘lga qo‘yilmagani, atrofdagilarning salbiy ta’siri, huquqiy madaniyatning yetishmasligi, ishsizlik, mutasaddi tashkilotlarning yoshlar masalasiga yuzaki munosabatda bo‘lishi, yoshlar bo‘sh vaqtining mazmunli va maqsadli tashkil etilmasligi kabilar yoshlar jinoyatchiligining asosiy omillari sirasiga kirishini ko‘rsatmoqda.  

Tadbirda yoshlarning keng qatlamlariga daxldor bo‘lgan dolzarb masalalar, ayniqsa, uyushmagan yoshlarning hayotda o‘z o‘rnini topishi uchun munosib sharoit yaratish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, kasbga yo‘naltirish va bandligini ta’minlash, tashabbuslarini rag‘batlantirish masalalari muhokama qilindi.  

Shuningdek, joylarda avvalambor, chekka hududlarda istiqomat qilayotgan ko‘p sonli yoshlarning o‘z iqtidor va iste’dodini ro‘yobga chiqarishlari, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishlari uchun keng sharoitlar yaratish, ularni turli zararli illat va yot g‘oyalar ta’siridan himoya qilishda mutasaddi tashkilotlar hamda keng jamoatchilik o‘rtasida mustahkam hamkorlikni yo‘lga qo‘yish zarurligi e’tirof etildi.  

M.Qosimova, O‘zA