Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlar ittifoqi yetakchisi hisobot berdi va qayta saylandi
17:17 / 2025-10-27

Mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati izchil amalga oshirilmoqda. Prezident tashabbuslari bilan yosh avlodning bilim va salohiyatini yuksaltirish, ularni Vatan ravnaqi yo‘lida faollikka undash, jamiyat hayotida munosib o‘rin egallashi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilmoqda. Bu jarayonda Yoshlar ittifoqi va uning boshlang‘ich tashkilotlari faoliyati muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Shu maqsadda Sirdaryo viloyatidagi Guliston davlat universitetida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkilotining hisobot-saylov yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda universitetning amaldagi yoshlar yetakchisi Yorqinjon Hayitboyev 2024–2025-o‘quv yili davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot berdi hamda universitet yoshlari tomonidan qaytadan ushbu lavozimga saylandi.

Tadbirda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Xayrulla Sattorov, ittifoqning Sirdaryo viloyati Kengashi raisi Azizbek Rahmonov, viloyat Yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig‘i Mirqodir Sa’dullayev, Guliston davlat universiteti rektori, professor Muhsin Hojiyev hamda faol talabalar ishtirok etishdi.

Hisobotda ta’kidlanishicha, boshlang‘ich tashkilot tomonidan joriy o‘quv yilida ish rejada belgilangan 50 ga yaqin tadbir va loyihalardan tashqari 23 ta yangi tashabbus amalga oshirilgan. Jumladan, “Mehr ulashib”, “Muvaffaqiyat siri”, “Ustoz ibrati”, “GulDU Yoshlar radiosi”, “GulDU Yoshlar jurnali”, “Bir asar muhokamasi”, “Munozara”ning televideniye uchun mo‘ljallangan ko‘rinishi, “Eng yaxshi kitobxon talaba”, “Xorijlik kitobxon” kabi loyihalar universitetning o‘n mingdan ziyod talabalarini qamrab oldi.

Shuningdek, tashkilot qoshida “Munozara”, “Mushoira”, “Kitobxonlar”, “Yosh tadqiqotchilar”, “Zulfiyaxonim izdoshlari”, “Bo‘lajak tadbirkorlar” va “Bo‘lajak rahbar-kadrlar” kabi yettita klub samarali faoliyat olib bormoqda. 36 nafar yoshdan iborat “Qalqon” jamoatchilik guruhi esa universitetda tartib-intizom va vatanparvarlik muhitini mustahkamlashga hissa qo‘shmoqda.

Guliston davlat universiteti boshlang‘ich tashkiloti 6 yo‘nalish va 9 fakultet koordinatori hamda 5 nafar maslahatchidan iborat bo‘lib, ular faoliyati Yoshlar yetakchisi tomonidan muvofiqlashtiriladi. Tashkilotning 10 nafar faol koordinatori 2025 yil iyun oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan uchrashuvda ishtirok etgani ham yoshlarga bo‘lgan e’tiborning amaliy ifodasi sifatida qayd etildi.

Shuningdek, boshlang‘ich tashkilot faollari respublika miqyosidagi “Eko-avlod volontyorlar” forumi, “Yoshlar Eko oromgoh” respublika seminari, Qashqadaryoda o‘tkazilgan “Xalqaro ekoturizm qurultoyi” hamda Yoshlar parlamenti seminarlarida faol ishtirok etmoqda.

Yig‘ilishda Guliston davlat universiteti professori Ravshanbek Mahmudov va yoshlar vakillari so‘zga chiqib, o‘tgan davr faoliyatini ijobiy baholadilar.

Hisobot-saylov yig‘ilishi “Rahbar va yoshlar” muloqoti bilan davom etdi. Uchrashuvda talabalar va yoshlar ittifoqi faollari o‘z tashabbuslarini O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Xayrulla Sattorovga taqdim etdilar.

Ushbu tashabbuslar asosida Guliston davlat universitetiga Markaziy Kengash tomonidan 500 ta badiiy kitoblar sovg‘a qilinishi, faol boshlang‘ich tashkilotlar uchun xorijiy ta’limiy sayohatlar uyushtirilishi hamda “Qalqon” jamoatchilik guruhi a’zolari o‘rtasida “Yangi O‘zbekistonga qalqonmiz” shiori ostida respublika tanlovi tashkil etilishi belgilandi.

Yig‘ilish yakunida faol talabalar va koordinatorlarning ota-onalariga Guliston davlat universitetida ilk bor joriy etilgan “Sharaf yorlig‘i” O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi tomonidan tantanali ravishda topshirildi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri