English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlar islohotlarimizning lokomotivi bo‘lishi uchun sharoit yaratilmoqda
16:33 / 2025-09-03

Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida yoshlar manfaatini ta’minlash, ularning bilim va salohiyatidan samarali foydalanishga qaratilgan tizimli yondashuv asosida barcha sohalarda keng imkoniyatlar yaratilmoqda.

Suv ta’minoti sohasi ham bu jarayondan chetda qolmagan. “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati sifatida biz nafaqat sohaviy infratuzilmani modernizatsiya qilish, balki inson kapitaliga, ayniqsa, yosh mutaxassislarga sarmoya kiritishni strategik vazifa deb hisoblaymiz.

Hozirgi kunda jamiyat tizimida 30 yoshgacha bo‘lgan 4 170 nafar yosh mutaxassis faoliyat yuritmoqda. Ularning katta qismi yuqori malakaga ega bo‘lib, sohada yangicha fikr, innovatsion yondashuv va ishbilarmonlik madaniyatini shakllantirmoqda. 

Yoshlar salohiyatini to‘g‘ri yo‘naltirish maqsadida barcha hududiy filiallarda yoshlar yetakchilari tarmog‘i tashkil etildi. Ular orqali tashkilot ichida samarali aloqalar tizimi shakllantirildi, tashabbuslarni amalga oshirishga imkon beruvchi muhit yaratildi.

Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan qarorlarga muvofiq, 2025 yil “Yoshlar dasturi” hayotga tatbiq etilmoqda. Unda belgilangan yetti ustuvor yo‘nalishdan biri yoshlarni zamonaviy kasblar, xorijiy tillar va kitobxonlikka jalb etish masalasidir. “O‘zsuvta’minot” AJ mazkur vazifani amaliy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Mutolaa” va “Ibrat farzandlari” kabi loyihalarni amalga joriy etdi. Xodimlar ushbu platforma va mobil ilovalar orqali til o‘rganish va kitob mutolaasiga jalb etilmoqda, ularning obuna xarajatlari jamiyat tomonidan qoplab berilyapti. Bu esa bilim olishga barqaror rag‘bat yaratib, o‘z ustida ishlash madaniyatini shakllantirmoqda.

Yoshlar siyosati jamiyatning ichki boshqaruv tizimida ham ustuvor ahamiyatga ega. Markaziy idora va hududiy korxonalarda yoshlar masalalari bilan shug‘ullanuvchi mas’ullar tayinlangan. Ular orqali nafaqat tashkilot ichidagi yoshlar, balki hududlardagi aholi o‘rtasida istiqomat qiluvchi yoshlar ham qamrab olinmoqda.

Masalan, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar bilan individual ishlash amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan. Joriy yilda o‘tkazilgan muloqot va uchrashuvlar chog‘ida 36 ta masala ko‘tarilib, ularning 28 tasi hal etildi, qolganlari bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi. Chirchiq shahrida 35 nafar yoshning ehtiyojlari o‘rganilib, moddiy va texnik yordamlar ko‘rsatildi.

Mutaxassislar salohiyatini oshirish va sohaga yangi qon olib kirish maqsadida jamiyat 10 ta oliy ta’lim muassasasi bilan hamkorlik o‘rnatgan. Ular orqali har yili o‘rtacha 90 nafar bitiruvchi amaliyotni jamiyat tizimida o‘tab, ishga qabul qilinmoqda. Shu bilan birga, Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda oliy ma’lumotli va 2 yillik ish tajribasiga ega bo‘lgan yoshlar uchun 4 oylik qayta tayyorlash kurslari tashkil etilmoqda.

Jahon standartlari asosida ishlash qobiliyatini shakllantirish maqsadida xalqaro hamkorliklar ham kengaymoqda. Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA), "K-WATER", Fransiyaning "SUEZ" kompaniyalari bilan amaliy aloqalar asosida yoshlarimiz xorijiy tajribalarni o‘rganmoqda. Bu esa ularning kasbiy bilimlarini boyitish, strategik fikrlash qobiliyatini shakllantirish va global talablarga mos kadrlarga aylanishiga zamin yaratadi.

Qolaversa, yirik loyihalarni amalga oshirayotgan xorijiy pudratchi tashkilotlar loyiha yakunlangandan so‘ng mutaxassislarini 1 yil davomida mahalliy kadrlar bilan amaliy ish jarayonida qoldirmoqda. Bu tajriba maktabi yoshlar uchun betakror imkoniyat hisoblanadi.

Jamiyatda jamoaviylik ruhini mustahkamlash, sog‘lom raqobat muhitini yaratish hamda intellektual salohiyatni yuksaltirish maqsadida madaniy va sport tadbirlari muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Xususan, joriy yilda o‘tkazilgan shaxmat turniri yoshlarning strategik fikrlash qobiliyati va muloqot madaniyatini yanada oshirishda o‘z samarasini berdi.

Biz “O‘zsuvta’minot” AJda yoshlar siyosatiga oddiy ijtimoiy jarayon emas, balki strategik rivojlanishning asosiy omillaridan biri sifatida qaraymiz. 4 170 nafar yosh mutaxassis – bu raqam ortida yangi energiya, innovatsion g‘oyalar va mas’uliyat hissi mujassam. 

Ahmad Suvonqulov,
“O‘zsuvta’minot” AJ boshqaruvi raisi.
O‘zA