Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlar ishsizligi: Muammo bor, yechim esa...
15:46 / 2023-01-10

Olimlarning qayd etishicha, dunyoda, ayniqsa, rivojlangan G‘arb davlatlarida insoniyat tarixida ilk bor o‘zidan oldingi avloddan ko‘ra qashshoqroq yashashga majbur bo‘lgan avlod o‘sib kelmoqda. Ular buning asosi deb yoshlar ishsizligini nazarda tutmoqda.

O‘rganishlarga ko‘ra, keyingi paytlarda ishsizlarning bandlik xizmati organlarining xizmatlariga qiziqishi muayyan darajada pasayib ketgani quyidagi shart-sharoitlar bilan izohlanadi:   

– taklif etilayotgan bo‘sh ish o‘rinlarining ishsizlar kasbiga mos kelmasligi,   

– to‘lanadigan ish haqi miqdorining kamligi,   

– ish o‘rinlarining vaqtinchalik tavsifga egaligi hamda taklif etilayotgan aksariyat bo‘sh ish o‘rinlaridagi mehnat sharoitining og‘irligi, zararli va xavfli ekanligi.   

bugungi kunda O‘zbekistonning 2,4 million nafar fuqarosi mehnat migratsiyasida. Ularning 35 foizga yaqini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar hisoblanadi.   

Xo‘sh, respublikamizda ishsiz yoshlarning ko‘payishiga nima sabab bo‘lyapti?   

O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda respublikamizda aholining o‘sish darajasi yuqoriligi va mehnat bozoriga kirib kelayotgan yoshlar soni keskin oshganligi sababli, hudularda yetarli darajada ish o‘rinlari tashkil etilmayotgani yoshlar ishsizligining ortishiga sabab bo‘lmoqda.   

Qayd etilishicha, ishga kirmoqchi bo‘lgan yoshlarga santexnika, elektr ustasi, elektr-montajchi, tikuvchilik, sartaroshlik, oshpazlik, qandolatchilik yo‘nalishlari bo‘yicha ehtiyoj mavjud. Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan fuqarolarga taklif qilinayotgan ishlar ko‘pincha rad etiladi. Ular asosan ish beruvchilar tomonidan e’lon qilinayotgan bo‘sh ish o‘rinlariga belgilangan ish haqining miqdori qoniqtirmasligi, xususiy korxona va tashkilotlarda ishchi xodimlar uchun munosib shart-sharoitlar yaratilmagani, xususiy korxona va tashkilotlarda ish beruvchilar tomonidan belgilangan ish soatlari mehnat qonunchiligiga mos kelmasligi kabi sabablarga ko‘ra rad etishadi.   

Oliy ta’lim muassasasini bitirib o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashish istagida bo‘lgan bitiruvchilar doimiy ravishda murojaat qilib, mavjud bo‘sh ish o‘ringariga ishga joylashmoqda. Xususan, o‘tgan yilda mehnat organlariga 11 mingdan ortiq OTM bitiruvchilari murojaat qilib, ularning 8,5 ming nafari ishga joylashtirilgan.   

Mehnat organlariga murojaat qilgan ishsiz fuqarolarga “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, murojaat qilgan kundan boshlab 10 kun davomida munosib ish o‘rinlari topilmagan taqdirda, 11 kundan kechiktirmasdan ishsiz deb e’tirof etiladi va 6 oygacha vaqtinchalik ishsizlik nafaqasi to‘lanadi.   

Yoshlar o‘rtasida ishsizlik rivojlangan mamlakatlarda ham eng asosiy muammolardan biriga aylangan. bugungi axborot muhitining globallashuvi, yuqori turmush darajasi va yoshlarning hayotiy ehtiyojlarini mutassil ortib borayotgani, ishsizlik darajasining yuqoriligi sababli yoshlarni munosib ish bilan ta’minlash bilan bog‘liq ijtimoiy-iqtisodiy va tashkiliy muammolar yanada o‘tkirlashib bormoqda.   

Gulnoza Boboyeva, O‘zA