Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida Yoshlar ishlari agentligiga yoshlarning bo‘sh vaqtidan unumli foydalanish hamda ularni kasb-hunarga o‘qitish orqali bandligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi to‘g‘risida parlament so‘rovi yuborildi.
Ta’kidlanganidek, bugungi globallashuv jarayonlari, raqobat muhiti va texnologiyalar rivoji yoshlardan zamon talabiga javob beradigan bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lishni taqozo etmoqda. Bu esa yoshlarning bo‘sh vaqtini samarali va mazmunli o‘tkazish, ularni zamonaviy kasb-hunarlarga o‘qitish va bandligini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlarni yanada kuchaytirishni, mazkur yo‘nalishlarda belgilangan vazifalar ijrosiga alohida yondashishni talab etadi.
Qonunchilik palatasi deputatlarining saylov okruglaridagi uchrashuvlari hamda hududlarda o‘tkazilgan nazorat-tahlil tadbirlari davomida sohada hali o‘z yechimini kutayotgan masalalar mavjudligi aniqlandi.

Xususan, ayrim hududlarda yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida o‘tkazib kelinayotgan “Besh tashabbus olimpiadasi”ning mahallalardagi targ‘iboti hamda quyi bosqichlari doirasida yoshlarning qamrovi yetarli darajada tashkil etilmayotgani, mahalla bosqichlari ishtirokchilarini va g‘oliblarini moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish mexanizmi belgilanmagan.
Shuningdek, yoshlar yetakchilari tomonidan “Yoshlar bandligi dasturi”ni mahallada amalga oshirish bo‘yicha yaratilgan imkoniyatlarni mahallalardagi yoshlarga yetkazilishida sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgani, mutasaddi vazirlik, idora va tashkilotlar bilan integratsiya aloqalari to‘liq yo‘lga qo‘yilmagani natijasida davlat tomonidan berilgan imtiyozlardan yoshlar to‘laqonli foydalana olmaslik holatlari kuzatilmoqda.
Shu bilan birga, “Yoshlar daftari” jamg‘armasiga ajratilgan mablag‘lar ayrim tumanlarga o‘z vaqtida va to‘liq yetkazib berilmayotgani hamda mablag‘larni taqsimlash mexanizmi to‘liq ta’minlanmayotgani aniqlangan.
Bundan tashqari, o‘rganishlar davomida yosh fermerlarga ajratilgan yer maydonlarining unumdorligi, sug‘orilishi va infratuzilma mavjudligi “Yosh fermerlar” dasturi doirasida yaratilgan yoshfermer.uz (https://yoshfermer.uz/) platformasida ko‘rsatilgan ma’lumotlardan farq qilishi ma’lum bo‘lgan.
Shu kabi muammolardan kelib chiqib, parlament so‘rovida yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish uchun o‘tkazilgan tadbirlar, ularni kasb-hunarga o‘qitish va ish bilan ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatkichlar, shuningdek, mahalliy hokimiyat va xususiy sektor bilan hamkorlik aloqalari kabi masalalar qamrab olindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA