Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlar ishlagan film xalqaro mukofot bilan taqdirlandi
15:04 / 2021-06-23

Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan «Yoshlik kinostudiyasi» DUK tomonidan suratga olingan, «Debyut-2020» yoshlar kinoalmanaxidagi 18 ta filmlardan biri bo‘lgan «Chana» qisqa metrajli filmi «Svet miru» xalqaro yoshlar kinofestivalida maxsus diplom bilan mukofotlandi. Tanlov Rossiyaning Yaroslavl shahrida o‘tkazildi.

“Chana” filmining ssenariy muallifi va postanovkachi rejissyor Suxrob Qodirov bo‘lib, kartinaning tor doirada taqdimotida mutaxassislar tomonidan uning ishi keng e’tirof etilgan edi. Kartinaga Nortoy Yo‘ldoshev operatorlik qilgan. Rassom Alisher To‘laboyev, kompozitor Ubaydullo Karimov, ikkinchi rejissyor Dilshod Usmonov, badiiy rahbar Shuhrat Rizayev.  

– Filmni suratga olish jarayoni uchun ko‘p vaqt sarflanmadi, –deydi rejissyor Suxrob Qodirov. –Ijodiy jamoa ham katta emas edi. Biroq sovuqda qattiq mehnat qilishga to‘g‘ri keldi. Kadrlar tabiiy chiqishi, aktyorlarning ishonchli o‘ynashiga urindik va buni uddaladik, deb o‘ylayman. «Debyut-2020» yoshlar kinoalmanaxi doirasida filmning ilk namoyishini o‘tkazganimizda muxlislar tomonidan alohida e’tirof etilgandi.  

Nufuzli festivalda Rossiya, O‘zbekiston, Armaniston, Hindiston, Turkiya, Bolgariya va boshqa mamlakatlardan yosh rejissyorlarning kinoloyihalari ishtirok etdi. Ular orasida “Chana” filmi bolalar auditoriyasi uchun mo‘ljallangan filmlar nominatsiyasida finalchilar qatoridan joy oldi.  

 

D.Mamatova,  O‘zA