Iqtisodiyot va moliya vazirligi yosh xodimlarni rivojlantirish va ularning intellektual salohiyatini oshirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Bu sa’y-harakatlar nafaqat yoshlar uchun zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish imkonini beradi, balki ularni jamoaviy ishlarda faol ishtirok etishga ham chorlaydi.
Yosh xodimlar uchun tashkil etilgan turli treninglar, master-klasslar va intellektual musobaqalar shu maqsadga xizmat qiladi. Vazirlik xodimlari orasida tashkil etilgan “Zakovat” intellektual musobaqasi esa mana shu strategik yo‘nalishning muhim ko‘rinishi bo‘ldi.

Mazkur musobaqada vazirlik tizimidagi 25 ta jamoa o‘zaro bilim va tafakkur sinovida ishtirok etdi. Unda xodimlarning mantiqiy fikrlash qobiliyati va jamoaviy hamkorlik salohiyati sinab ko‘rildi.
Tadbirning asosiy maqsadi esa yosh mutaxassislarning mantiqiy fikrlash salohiyatini rivojlantirish, jamoaviy ishlash ko‘nikmalarini mustahkamlash hamda sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishdan iborat.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, 1-o‘rinni Soliq-bojxona siyosati hamda daromadlar prognozlari departamenti jamoasi egalladi. 2-o‘rin Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish departamenti jamoasiga nasib etdi. 3-o‘ringa Raqamli texnologiyalarni muvofiqlashtirish departamenti jamoasi sazovor bo‘ldi.
Shuningdek, musobaqa doirasida Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda “Zakovat” intellektual klubi orasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu hujjat kelgusida vazirlik tizimida xodimlar orasida intellektual madaniyatni oshirish, muntazam turnirlar o‘tkazish va “Zakovat” o‘yinlarini keng yoyish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni nazarda tutadi.
G‘olib va sovrindorlarga tashkilotchilar tomonidan diplomlar va esdalik sovg‘alari topshirildi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA