Shavkat Mirziyoyev raisligida Ko‘ksaroy qarorgohida o‘tkazilgan yoshlar bilan ochiq muloqot mamlakatimiz taraqqiyotining strategik yo‘nalishlarini belgilab bergan muhim siyosiy va ijtimoiy voqelik bo‘ldi.
Ochiq muloqotda yana bir bor ta’kidlangan muhim g‘oya shu bo‘ldiki, yoshlar – mamlakatning eng katta iqtisodiy, ijtimoiy va intellektual kapitali hisoblanadi. Bu fikr oddiy shior emas, balki davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida shakllangan konseptual yondashuvdir.
Bugungi global raqobat sharoitida mamlakatlarning salohiyati tabiiy resurslar bilan emas, balki inson kapitali bilan o‘lchanmoqda. Demak, oliy ta’lim muassasalari faqat bilim beruvchi emas, balki raqobatbardosh, tashabbuskor va innovatsion fikrlaydigan kadrlar tayyorlovchi markazlarga aylanishi shart.
Uchrashuvdan kelib chiqqan birinchi ustuvor xulosa rahbarlar faoliyati ochiqlik va bevosita muloqotga asoslanishi lozimligidir. Zamonaviy boshqaruv modeli yopiq kabinetlar emas, balki ochiq platforma va jonli muloqotga tayanadi.
Talabalarning muammolarini eshitish, takliflarini qo‘llab-quvvatlash va ularni tezkor hal etish – bu faqat ijtimoiy vazifa emas, balki ta’lim sifatini oshirishning amaliy mexanizmi hisoblanadi. Chunki, ta’lim tizimidagi har bir muammo, agar u o‘z vaqtida bartaraf etilmasa, umumiy natijaga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Ikkinchi muhim yo‘nalish xorijiy tillarni bilish, zamonaviy kasb va raqamli ko‘nikmalarni egallash, startap va tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishdir.
Bugun mehnat bozori diplomni emas, amaliy kompetensiyani talab qilmoqda. Shu nuqtai nazardan, universitet ta’limi nazariya va amaliyot uyg‘unligiga asoslanishi zarur. Startap loyihalar, innovatsion g‘oyalar, IT sohasi, sun’iy intellekt va raqamli iqtisodiyot kabi yo‘nalishlar yoshlar uchun ulkan imkoniyat eshigini ochmoqda.
Ochiq muloqotda ta’kidlangan yana bir muhim jihat, yoshlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar tizimli xarakter kasb etganidir. Yosh tadbirkorlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, startaplarni investitsiyalash, xorijda tajriba orttirish, innovatsiya va IT sohasida faoliyat yuritish uchun qulay shart-sharoitlar yaratilgan.
Biroq imkoniyatning mavjudligi o‘zi-o‘zidan natija bermaydi. Undan foydalanish uchun intilish, tashabbus va mehnat talab etiladi. Bu esa talabalar oldiga shaxsiy mas’uliyat masalasini qo‘yadi.
Murojaatnomada ilgari surilgan muhim konsepsiya – zamonaviy universitet modeli hisoblanadi. Universitet faqat diplom beruvchi muassasa emas. U kasb o‘rgatuvchi, g‘oyani amaliy loyihaga aylantiruvchi, yoshlarni mustaqil hayotga tayyorlovchi, ish beruvchilar bilan uzviy hamkorlik qiluvchi tizim bo‘lishi kerak.
Dual ta’lim mexanizmlarini joriy etish, xorijiy til sertifikatlariga tayyorlash, IT va kasb-hunar kurslarini kengaytirish, ilmiy va startap loyihalarni amaliy qo‘llab-quvvatlash – bu strategik vazifalar sifatida belgilanmoqda.
Yoshlar siyosatida ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalarni qo‘llab-quvvatlash alohida ahamiyat kasb etadi. Chunki, ta’limda teng imkoniyatlar tamoyili ta’minlanmas ekan, inson kapitali rivoji to‘liq bo‘lmaydi. Shu ma’noda, birorta yoshni e’tibordan chetda qoldirmaslik – universitetlarning ustuvor tamoyili sifatida belgilab qo‘yilmoqda.
Dilnoza Xodjayeva,
Qo‘qon davlat universiteti rektori.