Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlar - inson kapitali va iqtisodiy o‘sish tayanchi
09:36 / 2026-01-20

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025 yilgi Oliy Majlisga Murojaatnomasida ta’lim va yoshlar masalasi ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida qayd etildi. Murojaatnoma davomida davlat rahbari yoshlarni zamonaviy kasblarga yo‘naltirish, kasbiy ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish va mehnat bozorini yangi arxitektura asosida yangilash borasida bir qator muhim tashabbuslarni ma’lum qildi. Bu sa’y-harakatlar ortida tez o‘zgarayotgan zamon talablari va kelajak kasblariga yosh avlodni tayyorlash maqsadi mujassam.

O‘zbekistonda yoshlar bandligi va kasbga yo‘naltirish siyosati

Murojaatnomada ta’kidlanganidek, mamlakat mehnat bozorida talab etilayotgan kasb va malaka bilan ta’limni uzviy bog‘laydigan yangi mexanizm zarurligi aytildi. 2023 yilda qabul qilingan “O‘zbekiston–2030” strategiyasiga muvofiq, yoshlar o‘rtasidagi ishsizlik darajasini 14 foizdan 11 foizga kamaytirish vazifasi qo‘yilgan bo‘lib, 400 ming nafar yoshlarning bandligini ta’minlash rejasi belgilab qo‘yilgan. Davlat tomonidan yoshlarni ishga joylashtirish uchun mahallalarda kasbga o‘qitish, ijtimoiy himoya va tadbirkorlikka keng jalb qilish kabi chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, iqtisodiyotga yiliga kirib kelayotgan 30-35 mlrd dollar investitsiya asosida har yili 250-300 ming atrofida yuqori daromadli yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda va bu avvalo yoshlar uchun yangi imkoniyatlar demakdir. Shu bilan birga, bu ish o‘rinlarini to‘ldirish uchun yoshlarni zamonaviy texnologiyalar, xorijiy tillar va kasbiy ko‘nikmalar bilan qurollantirish zarurligi ta’kidlanmoqda.

O‘zbekistonda keyingi yillarda yoshlarga oid davlat siyosatini tubdan yangilashga kirishildi. Mamlakat rahbari o‘z chiqishlarida mahallada “Har bir yosh – bir kasb egasi” tamoyilini ilgari surib, mahalliy hokimiyat organlari va tadbirkorlik sub’ektlari hamkorligida yoshlarni o‘qitish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishga joylashtirish dasturlarini amalga oshirishga chaqiradi. Natijada, joylarda kichik sanoat zonalari, xizmat ko‘rsatish ustaxonalari va startap-inkubatsiya markazlari orqali minglab yoshlar ish bilan ta’minlanmoqda va o‘z bizneslarini boshlash uchun grant va imtiyozlar olmoqda. Yoshlar bandligini rag‘batlantirish maqsadida davlat tomonidan tadbirkorlarga soliq imtiyozlari va subsidiyalar taqdim etilib, band qilingan har bir yosh uchun ijtimoiy to‘lovlar bo‘yicha yengilliklar berilmoqda.

Murojaatnomada ta’kidlanganidek, dunyo miqyosida yangi texnologiyalar, raqamlashtirish va sun’iy intellekt ta’sirida mehnat bozori tez o‘zgarmoqda. Yaqin 5 yil ichida mavjud kasblarning 30 фоизи to‘liq avtomatlashishi, 50 фоизи bo‘yicha esa yangi malakalar talab qilinishi qayd etildi. Shu sharoitda mamlakat mehnat bozori “kasb-malaka-texnologiya-ta’lim”ni birlashtiradigan yagona mexanizm sifatida ishlashi lozimligi ta’kidlandi. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, kasbga qiziqish 7-sinfдан shakllanib, tanlov 9-sinfда aniqlashadi; shu bois 9-sinf bitiruvchilari fanlarni o‘zlashtirishi va kasbiy qiziqishiga qarab saralab olinib, oliygohga kirish istagi bo‘lmaganlar texnikumlarga yo‘naltirilishi belgilandi.

Kasbiy ta’limning tayanchi sifatida texnikumlar “yangi sifat bosqichi”ga chiqarilmoqda. 2026 yildan har yili kamida 100 ta texnikum to‘liq ta’mirlanib, texnologik va talab yuqori kasblarga mos jihozlanadi, ilg‘or dasturlar joriy qilingan texnikumlar soni 100 taga yetkaziladi. Hududiy infratuzilma ham bosqichma-bosqich kengayadi: 2026 yilda 7 ta viloyatda, 2027 yilda esa qolgan hududlarda “Ilg‘or kasbiy mahorat texnikumi” va “Kasblar shaharchasi” ishga tushirilishi aytildi. Bu tizim 3 yil oldin yo‘lga qo‘yilib, o‘quvchilar qamrovi 15%ga yetkazilgani, shuningdek, avtomobilsozlik, “yashil” energetika, qurilish, transport, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, turizm, servis va IT kabi yo‘nalishlarda 70 mingga yaqin o‘quvchi dual ta’lim asosida o‘qib, oyiga 10 mln so‘mgacha maosh olayotgani mamlakat rahbari tomonidan alohida ta’kidlandi.

Texnikum - ish beruvchi hamkorligi rag‘batlantiriladi. Dual ta’limni samarali tashkil qilgan korxonalarga 7 yil muddatga 5 mlrd so‘mgacha imtiyozli kredit, tadbirkorlik reytingida qo‘shimcha 5 ball, ishga olgan texnikum o‘quvchisi uchun 1 фоизли ijtimoiy soliq imtiyozini yana 3 yilga uzaytirish choralari belgilandi. 2026 yildan texnikumlarda o‘qiydigan 100 ming o‘quvchiga ilk bor stipendiya to‘lanishi aytildi. Oliy ta’lim va bandlik kesimida mehnat bozoriga yiliga 300 ming oliy ma’lumotli kadr kirib kelayotgani qayd etilar ekan, bitiruvchilar va ish beruvchilarni bog‘laydigan raqamli ekotizim yaratish rejasi berilgan. Sog‘liqni saqlashda esa ayrim yo‘nalishlarga o‘tgan yillardan 1,5 barobar ko‘p - 3,5 trln so‘m ajratilishi belgilangan.

Kelajak kasblariga tayyorlash va ta’limdagi o‘zgarishlar

Zamonaviy iqtisodiyot talablari shuni ko‘rsatmoqdaki, kelgusi 10-20 yillikda mehnat bozorida STEM (fan, texnologiya, muhandislik va matematika), axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt, ekologik va “yashil” iqtisodiyot kabi sohalardagi mutaxassislarga ehtiyoj keskin ortib boradi. Mamlakat rahbari ta’kidlaganidek, “kelajak – zamonaviy bilimlar bilan qurollangan yangi kasb egalariniki” bo‘ladi. Shu bois, O‘zbekiston ta’lim tizimida boshlang‘ich va o‘rta ta’limdan tortib oliy ta’limgacha muhim o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. 2020 yildan maktab o‘quv rejalariga asosiy fanlar bilan birga robototexnika, informatika va chet tillari bo‘yicha qo‘shimcha kurslar kiritilishi yo‘lga qo‘yildi. Maktab bitiruvchilari hech bo‘lmaganda 2 ta xorijiy til va 1 ta zamonaviy kasb ko‘nikmasiga ega bo‘lib chiqishi strategik maqsad qilib belgilangan. Shuningdek, oliygohlar huzurida innovatsion texnoparklar, “Kreativ park”lar tashkil etilib, har bir viloyatida yoshlar uchun yangi texnologiyalar va kreativ industriyalarni o‘rganish markazlari ochilmoqda.

Kelajak kasblariga tayyorlashning yana bir muhim jihati – yoshlarning raqamli kompetensiyalarini oshirishdir. Ayni paytda respublika bo‘yicha minglab iqtidorli yoshlar sun’iy intellekt, kvant hisoblash, dronlar va robototexnika yo‘nalishlarda startap va ilmiy loyihalar ustida ishlamoqda. Ularni qo‘llab-quvvatlash uchun davlat tomonidan Raqamli texnologiyalar markazi, sun’iy intellekt bo‘yicha ilmiy laboratoriyalar tashkil qilindi. “Bir million dasturchi” dasturi doirasida yoshlarga dasturlash asoslarini o‘rgatish ommaviylashdi – bu dastur orqali bir necha yuz ming nafar yoshlar onlayn kurslarni tamomlab, axborot texnologiyalari sohasidagi birinchi malaka sertifikatlarini qo‘lga kiritdi. Natijada, IT sohasida band bo‘lgan yoshlar soni ham ortmoqda – “O‘zbekiston 2030” strategiyasiga ko‘ra, 2030 yilgacha IT sektorda kamida 300 ming nafar yoshni ish bilan ta’minlash vazifasi belgilangan.

Kelajak kasblariga tayyorlashda xorijiy mamlakatlar tajribasi 

AQSH tajribasida yoshlarni kelajak kasblariga tayyorlashda STEM va raqamli iqtisodiyot ustuvor yo‘nalish sifatida qaralgan. 2023-2033 yillarda STEM sohalarida bandlik 10,4% ga o‘sishi kutilmoqda, shuning uchun federal hukumat va shtatlar yuqori texnologiyali kadrlar tayyorlashga katta sarmoya kiritgan. CHIPS va Science Act doirasida yuqori texnologiyalar uchun $52,7 mlrd ajratilib, muhandislar va tadqiqotchilar tayyorlashga e’tibor kuchaytirilgan. 

Францияда kasbiy litseylar islohoti yoshlar bandligini oshirishga qaratilgan. Amaliyot davrida oylik to‘lov joriy etilgan, “korxona byurosi” orqali maktab va biznes hamkorligi kuchaytirilgan hamda o‘quv dasturlari mehnat bozori talablariga yaqinlashtirilgan. 2025 yilgi milliy strategiya yoshlarni talab yuqori kasblarga yo‘naltirish, kompaniyalar bilan hamkorlikni mustahkamlash va ishsiz yoshlarga individual ko‘mak berishni nazarda tutgan.

Finlyandiya kasbiy ta’limni kompetensiya asosida tashkil etib, har bir o‘quvchi uchun individual o‘quv reja joriy qildi. 18 yoshgacha majburiy ta’lim, raqamli va “yashil iqtisodiyot” modullari, teng imkoniyatlar siyosati orqali yoshlarning zamonaviy kompetensiyalarga ega bo‘lishi ta’minlanmoqda. Gender nomutanosibligini kamaytirish va kasbiy hayoti mobaynida o‘qish va malaka oshirish tamoyili asosiy yo‘nalishga aylangan.

Janubiy Koreya STEM tizim va innovatsiyaga katta sarmoya kiritib, “Mayster” maktablari orqali amaliyotga yo‘naltirilgan ta’limni rivojlantirdi. Bunday maktab bitiruvchilarining 90%gacha ishga joylashmoqda. Startaplar, inkubatorlar va venchur qo‘llab-quvvatlash orqali yoshlar innovatsion tadbirkorlikka jalb qilinmoqda.

Япоniяда Society 5.0 konsepsiyasi doirasida ta’lim amaliyotga yaqinlashtirilib, kasbiy universitetlar tashkil etilgan. Ularda dasturlash hamda Sun’iy intellekt fanlari majburiy qilingan. Ilmiy-ta’lim xarajatlari oshirilib, ayollar va keksalarni qayta tayyorlash orqali mehnat bozorida faollik kuchaytirilmoqda. Ta’lim, fan va texnologiya uyg‘unligi demografik muammolarni yumshatishga xizmat qilmoqda.

Xitoy esa 2025-2027 yillarda 30 mln ishchini qayta tayyorlashni rejalashtirib, aviatsiya, elektromobil, AI va Big Data kabi sohalarda ulkan kadrlar bazasini shakllantirmoqda. Yangi kvalifikatsiya tizimi, mikrosertifikatlar va raqamli monitoring orqali sifat nazorat qilinmoqda. Bu tajriba kasbiy ta’limni strategik vositaga aylantirib, yoshlarni kelajak texnologiyalariga tayyorlashda dunyodagi eng ko‘lamdor modellardan biriga aylanmoqda.

Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston yoshlariga kasbga yo‘naltirish, ularni XXI asr ko‘nikmalariga ega mutaxassislar etib voyaga yetkazish borasida jadal islohotlar boshlagan va bu yo‘lda dunyoning rivojlangan davlatlari tajribasini ham o‘rganib, amalga tatbiq etmoqda. 

Prezident Shavkat Mirziyoyevning so‘zlari bilan aytganda, “biz yoshlarimizni nafaqat zamon bilan hamnafas, balki kelajakka tayyor qilib tarbiyalashimiz kerak”. Bu ezgu maqsad yo‘lida qabul qilinayotgan qonunlar, dasturlar va amaliy chora-tadbirlar samarasi o‘laroq, yaqin kelajakda respublika yoshlari nafaqat mahalliy, balki xalqaro mehnat bozorida raqobatbardosh kadrlarga aylanishi kutilmoqda. 

Zero, kelajak kasblarиga ega bo‘lish – bugungi globallashgan dunyoda har bir mamlakatning barqaror taraqqiyoti va har bir yoshning farovon kelajagining garovidir.

Jurayev Jamshed Rahmatilloyevich. 

Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi 

Buxoro viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari