Yozgi ta’til mavsumida yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni ijtimoiy faollikka keng jalb qilish maqsadida ilgari surilgan “dolzarb 90 kun” loyihasi hozirgi kunda yurtimizdagi barcha ta’lim muassasalarida muhim jarayon sifatida joriy etilmoqda.
Bu tashabbus yoshlarning intellektual, ijtimoiy va jismoniy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash bilan birga, ularda mas’uliyat hissini kuchaytirish, mustaqil fikrlash, ijodiy yondashuv va shaxsiy tashabbusni rag‘batlantirishga xizmat qilmoqda.
Xo‘sh, ushbu loyiha ijrosi doirasida Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida qanday ishlar bajarilmoqda?
Ushbu savolga mazkur universitet birinchi prorektori Qudratulla Omonov quyidagicha javob berdi:
– Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 2025 yil 15 may kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yozgi ta’til kunlari yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning o‘sish, o‘rganish, kamol topishi maqsadida yangi imkoniyatlarni qamrab olgan “dolzarb 90 kun” tashabbusini ilgari surgan edi.
Bugungi kunda mazkur tashabbus ta’lim yurtlarida umumharakatga aylanib ulgurdi. Hozirda o‘zini ta’lim bilan aloqasi bor deb hisoblaydigan har bir shaxsning tilida “dolzarb 90 kun” faol ishlatiladigan birlikka aylangan. Buning bosh sababi esa xoh o‘qituvchi, xoh o‘quvchi yoki talaba bo‘lsin, u o‘quv yurtidagi o‘zining fikran va jismonan o‘sishiga xizmat qiluvchi qaysidir yo‘nalish bilan bog‘langan.
Odatda, ta’til vaqtida talabalar bilan ma’rifiy, ma’naviy, ilmiy yoki o‘quv bilan bog‘liq tizimli ishlar tashkil etilmas, ular o‘z holicha, o‘zi bilganicha bo‘sh vaqtlarini o‘tkazishgan. Joriy yilning ta’til davrida esa mamlakat talaba-yoshlarining bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish uchun muntazamlikka asoslangan, bir-birini to‘ldiruvchi, tizimli tadbirlar konsepsiyasi ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etildi. Aslida bu jarayon ilk marotaba tashkil etilayotgani uchun uni o‘tkazish bilan bog‘liq muammolar ham yuzaga kelmoqda, biroq bu muammolarni universitet jamoasi yangi chaqiriq sifatida qabul qilyapti.
Muhimi, “dolzarb 90 kun” loyihalarini yo‘lga qo‘yish jarayonida talabalarning qiziqishlari, ixtisosligi, zamonaviy tendensiyalar va yoshlarning dunyoqarashlari hisobga olindi. Bu esa talabalarni, sportchilar tili bilan aytganda, “formada ushlab turish” nuqtai nazaridan qo‘l kelmoqda. Yana bir jihatki, pandemiya davrida talabalar bilan onlayn shaklda ishlash bo‘yicha yig‘ilgan tajribalar ham asqatmoqda.
Universitetda “Dolzarb 90 kun” loyihalari, asosan, 5 yo‘nalishda tashkil etilgan. Ular: talabaning o‘z ixtisosligi bo‘yicha bilimlarini oshirishga qaratilgan fanlar kesimida, yoshlarning ilmiy tafakkurini kengaytirishga yo‘naltirilgan ilmiy yo‘nalishda, ma’rifat va ijodkorlik ruhiyatini shakllantiruvchi suhbat va muloqotlar ko‘rinishida; jismoniy holatni yaxshilashga qaratilgan sog‘lom turmush tarzi bo‘yicha; jahon axborot tizimidagi zararli ma’lumotlarni saralash hamda ularga qarshi tura oladigan axborot immunitetini hosil qilishga yo‘naltirilgan media savodxonlik ko‘rinishida amalga oshirilmoqda.
Hozirda “Dolzarb 90 kun” turkumidagi loyihalar o‘z natijasini ko‘rsatmoqda. Jumladan, bugunga qadar turli yo‘nalishlarda 166 ta tadbir tashkil etildi va 4255 nafar talaba ushbu tadbirlarga qamrab olindi. Bu – oddiy raqam emas, balki talabalarning turli loyihalarga qiziqishi va faolligini ko‘rsatadigan muhim ko‘rsatkichdir.
Yana bir muhim jihat shundaki, “Dolzarb 90 kun” doirasida har bir kunning o‘z mavzusi va yo‘nalishi belgilangan. Masalan, dushanba ma’rifat va ijodkorlik bilan bog‘liq uchrashuvlar, onlayn muloqotlar kuni, seshanba sport va sog‘lomlashtirish kuni, unda “rektor kubogi”, “kibersport” musobaqalari o‘tkaziladi, chorshanba karera kuni sifatida ish beruvchilar bilan uchrashuvlar tashkil etiladi. Payshanba kuni esa kino kechalari, teatr va muzeylarga tashriflar kuni, juma sharq tillaridan tanlovlar va “time management” treninglari o‘tkaziladigan kun, shanba startap va akseleratsiya loyihalari kuni, yakshanba esa “Vatan bo‘ylab sayohat qil!” shiori ostida madaniy maskanlar va noyob me’moriy yodgorliklarga onlayn va oflayn ziyoratlar kuni etib belgilangan.
Shuningdek, “Dolzarb 90 kun” mantiqiy tizimga asoslangan. Shuning uchun ham har juma kuni
universitetda bu boradagi ishlar tahlil qilinadi. Kunlik rejalar, natija keltirayotgan tadbirlar, loyihalarni samarali tashkil etgan mas’ullarni rag‘batlantirish masalalari muhokama qilib boriladi. Universitetda sport maydonlari, o‘quv xonalari, axborot-resurs markazlari va to‘garaklarning ochiq hamda faol ishlab turishi, talabalarning bo‘sh vaqtini foydali o‘tkazishi uchun keng imkoniyat yaratish jamoa diqqat markazida turibdi.
O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva yozib oldi.