O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yilning 3 noyabridagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish hisobiga Yoshlar ijtimoiy-iqtisodiy markazini barpo etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari M.O‘razaliyev Xitoy Xalq Respublikasining “Everprosper Investment Consulting” kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi.
Ushbu loyihaga Investorlar tomonidan 400 million AQSH dollari jalb qilinib, Xo‘jayli tumanining “Samanko‘l” mahalla fuqarolar yig‘inidagi Nukus-Qo‘ng‘irot avtomagistral yo‘l bo‘yi hududida 152 gektar yerga markaz qurilishi rejalashtirilgan. Unda IT universitet, startaplar texnoparki va ularni qo‘llab-quvvatlash guruhlari, loyiha ofislari, uy-joylar, ijtimoiy soha hamda madaniy-ma’rifiy ob’ektlar, yoshlar bandligini ta’minlashga qaratilgan ishlab chiqarish korxonalari, dam olish maskanlari va “Yashil hudud”lar barpo etiladi hamda 5 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratiladi.

Uchrashuvda mas’ullar ushbu qaror bilan loyiha qurilishi uchun zarur bo‘lgan, O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan va chetdan olib kelinadigan texnologik asbob-uskuna, qurilish texnikasi, butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar, qurilish materiallari va metall konstruksiyalar bojxona bojidan ozod etilganligini hamda loyiha doirasida olib kelinayotgan tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirishda bojxona organi tomonidan yaqindan amaliy yordam berilishini ma’lum qildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA